Salimova Sharifa


912

Tug‘ilgan sana: 1951 Dekabr 30
Tug‘ilgan joyi: Toshkent viloyati
Yo‘nalishlar: Shoirlar, Adabiyotshunoslar

Shoira, adiba, publitsist Sharifa Salimovaning ilk she’rlari 60-yillarda paydo bo‘lgan. Sharifa Salimovaga 1994 yilda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni berilgan. Shoira Sharifa Salimova 1951 yilning 30 dekabr sanasida Toshkent viloyatining Parkent tumanida tavallud topdi.

Tarjimai hol

Sharifa Salimovaning otasi o‘qimishli, adabiyotni chuqur his qiladigan, onasi esa zahmatkash ayol, oltita farzandning volidasidir.

Sharifa Salimova 1958 - 1968 yillarda maktabda o‘qib, tuman gazetasi «Sur’at»da ilk she’rlari bilan qatnashdi.

1969-1974 yillarda Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini bitirgach, O‘zbekiston televideniye va radioeshittirish qo‘mitasining «Vatandosh» radiostantsiyasida faoliyatini boshlaydi.

Sharifa Salimova 1987 yilgacha radioda kichik muharrirlikdan bo‘lim boshlig‘igacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. 1989-1994 yillarda «Saodat» jurnali va «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» haftaligida bo‘lim mudiri bo‘lib ishladi. Shu yillarda adibaning jamiyatning og‘riqli muammolariga bag‘ishlangan publitsistik maqolalari e’lon qilinadi.

Faoliyati

Sharifa Salimovaning ilk she’rlari 60-yillarda paydo bo‘ldi, dastlabki she’riy guldastalari 70-yillarning oxiri - 80-yillarda «Hayot zavqi» va «Mening bahorim» nomi bilan chop etildi. Shoira ijodida «Hizr bulog‘i» (1996) alohida ahamiyatga ega bo‘lib, u buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiyning 550 yilligiga bag‘ishlangan. Unda feodal tuzum davri ayollarining fojiali qismati naql qilingan. «Tongga qasam» (2002) publitsistik maqolalar to‘plamida davrimizning eng dolzarb masalalari go‘zal shoirona til bilan qalamga olinadi.

Sharifa Salimovaga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni berilgan (1994). U hozirgi kunda Respublika Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida mas’ul vazifada ishlamoqda. U rus, qozoq, qirg‘iz shoiralaridan tarjimalar qilish bilan bir qatorda, islomshunos nemis shoiri Hadayatulloh Hyubsh she’rlarini ham tarjima qilib, «Oh, atirgul» nomi bilan nashrga tayyorlagan.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit