Sayfi Saroyi


1364

Tug‘ilgan sana: 1321 yil
Vafot etgan sana: 1396 yil
Tug‘ilgan joyi: Xorazm
Yo‘nalishlar: Yozuvchilar, Shoirlar, Tarjimonlar

Sayfi Saroyi - o‘zbek mumtoz adabiyotining iste’dodli vakillaridan biri. Fors, arab tili, adabiyoti, tarixi va xalq og‘zaki poyetik ijodini mukammal o‘rgangan, g‘azalnavis shoir, qasidanavis, epik dostonchi va tarjimon sifatida tanilgan. U Xorazm yaqinidagi Qamishli (Sarqamish) qishlog‘ida hunarmand - qurolsoz oilasida tug‘ilgan. Markaziy Osiyoda mo‘g‘ullar istilosi davrida yashagan, o‘z vatanini tark etishga majbur bo‘lgan, umri darbadarlikda kechgan.

Tarjimai hol

Dastlabki bilimini o‘z yurtida olgan Sayfi (bu so‘zning ma’nosi "qilich" demakdir) Oltin O‘rdaning markazi Saroyda uni davom ettiradi. U fan markaziga aylandi. Oz vaqt ichida bu yerda ko‘plab atoqli, mashhur kishilar to‘plandi». Ular orasida Qutbiddin ar-Roziy, Masoud Taftazoniy, Kamoliddin at-Turkmaniy, hofiz Muhammad ibn Bazzoziylar bor edi. Shuningdek, mashhur shoir Kamoliddin Xo‘jandiyning ham XIV asr oxirlarida Saroyda yashab ijod etganligi yaxshi ma’lum.Shoir shu yerda yashab turgan davrida «Saroyi» degan taxallusini olgan. Sayfi — uning ismi bo‘lib, «qilich» degan ma’noni bildiradi. Bu erda u qunt bilan o‘qib, shoir sifatida taniladi. Bu haqda uning o‘zi quyidagilarni yozadi:

Qamishli yurt mening tuvg‘on elimdi,

Biling, g‘urbatga kelturg‘on bilimdi.

Kelib bo‘ldum saroyda she’r fidoyi,

Saroyning shoiri, elning gadoyi.

Urushlar tufayli Sayfi Saroyi dastlab Eronga, keyin Turkiyaga boradi. U umrining oxirlarida Misrga borib, o‘sha joyda taxminan 1396 yilda vafot etgan.

Shoirning o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan hissasi bebahodir. O‘zidan oldingi yashab ijod etgan shoirlar ijodini o‘rganib, Sayfi Saroyi quidagi misralarda ijod maydonini bog‘ gulshaniga, shoirlarni esa shu bog‘dagi qushlarga qiyos qilib, ikki guruhga ajratgan:

Jahon shoirlari, ey gulshani bog‘,

Kimi bulbuldurur so‘zda, kimi zog‘.

Bizgacha shoirning adabiy merosidan bir necha g‘azallari, qasida, qit’a, ruboiyi, masnaviylari, "Suhayl va Guldursun" dostoni (1394) hamda "Gulistoni bit-turkiy"(1390-91) yetib kelgan. "Sindbodnoma" ni o‘zbek tiliga qilingan tarjimasi saqlanmagan. Ayrim asarlari Istanbulda (1926) "Turk adabiyoti namunalari"da berilgan.

Sayfi Saroyi Sa’diyning "Guliston" asarini o‘zbek tiliga birinchi bo‘lib tarjima qilib, yarim original, falsafiy - axloqoiy "Gulistoni bit-turkiy" asarini yaratgan. Sa’diy asarining asosiy mag‘zini olib, uni zamona ruhini va mahalliy muhitni aks ettiruvchi yangi hikoyatlar, qit’a va baytlar bilan toldirgan.

Asar 8 bobdan iborat :

1 - bob "Sultonlar haqidagi hikoyatlar"

2 - bob "Faqirlar axloqi haqidagi hikoyatlar"

3 - bob "Qanoatning foydasi haqidigi hikoyatlar"

4 - bob "Sukutning foydasi haqidagi hikoyatlar"

5 - bob "Ishqdagi yigitlik sifati haqidigi hikoyatlar"

6 - bob "Qarilikdagi zaiflik sifatlari haqida"

7 - bob "Tarbiyaning ta’siri haqida"

8 - bob "Suhbat odoblari haqida", har bir bobda hikoyatlar bor.

Hikoyatlarning ko‘pchiligi didaktik mazmunda, ya’ni shoir pand - nasihat qilish yo‘li bilan adolat va osoyishtalik o‘rnatish, zolim podsho va amaldorlarni insof va adolatga chaqirish, davlatni qat’iy qonun - qoidalar asosida boshqarish, kishilar xulq - atvorini yaxshilash mumkin, deb fikr yuritadi. Shu maqsadda to‘g‘rilik, rostgo‘ylik, sadoqat va marhamat kabi fazilatlarni targ‘ib etadi.

Asardagi hikoyatlardan biri - "Iso Mo‘jizasi". Uning mazmuni quydagicha: Hikoyat. Biz salomlar yo‘llaydigan Iso payg‘ambarga bir kimsa kelib aytdi: "Ey ollohning rasuli, o‘likka o‘qisa tiriladigan duoni menga o‘rgatishingni tilayman". Iso alayhissalom aytdi: "Qo‘y, bu savdodin, kechgin, yo‘qsa ziyon qilasan". U aytdi: "Albatta o‘rgatishing kerak".

Iso alayhissalom baxillik qila bilmadi: o‘rgatdi. U kishi o‘rganib ketar ekan, ko‘rdi: bir erda quruq suyaklar yotipti. Aytdi:

"Bu duoni bunga o‘qib boqaychi - tirilarmikan" deb o‘qidi. U arslon suyaklari ekan. Tirilib u kishini parcha - parcha qilib tashladi. Shu sababdan bu maqolni aytarlar:

Har bir er ish uchundir, har bir ish bir er uchun,

Maslahat ul: o‘z ishini ishlagay mohir kishi.

Doimo turli savob uzra yurar oqil kishi,

Keltirar izlab o‘limni o‘ziga nodon kishi.

Maroqli hikoyaning g‘oyasi yorqin: kishi qo‘lidan kelmaydigan ish bilan shug‘ullanmasligi kerak. Xoy - havas quli bo‘lib har ishni qilaman deb urinaversa, o‘ziga zarar qiladi. She’riy xulosa hikoya maqsadi izhoridir: har bir kishi bir ish uchun! har bir ish bir kishi uchun! Shunday qilinganda kishi o‘z kasbini kamolga etkazadi, ya’ni hunarini san’at darajasiga etkazadi.

"Gulistoni bit-turkiy" asari katta adabiy yodgorlik hisoblanib, qadimgi turkiy tilni o‘rganishda muhim manbadir. Uning yagona qo‘lyozmasi Gollandiyadagi Leyden universitetida, fotonusxasi, O‘zbekiston FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

"Suhayl va Guldursun" dostoni o‘zbek epik she’riyati taraqqiyotida o‘z o‘rniga ega. Doston xalq afsonasi "Guldursun" asosiga qurilsa-da, unda real tarixiy voqealar, ya’ni Amir Temurning Xorazmga yurishi ham aks etgan.

Batafsil ma'lumotlar

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit