Sharafiddinov Ozod


3626

Tug‘ilgan sana: 1929 yil
Vafot etgan sana: 2005 yil
Tug‘ilgan joyi: Qo’qon
Yo‘nalishlar: Yozuvchilar, Adabiyotshunoslar

Ozod Sharafiddinov adabiyotshunos, adabiy tanqidchi. O.Sharafiddinov 1929-yil 1-martda Qo‘qon yaqinidagi Oxunqaynar qishlog‘ida tug‘ildi. Toshkentdagi 14-o‘rta maktabni, O‘rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetini tugatdi (1951). Moskvada aspiranturani tugatdi, fan nomzodi ilmiy darajasini oldi (1955).

Ozod Sharafiddinov poeziya muammolari bilan shug‘ullandi, o‘zbek she’riyati va uning holati haqida adabiy-tanqidiy maqolalar yozdi. O‘sha davrdagi ilmiy-ijodiy, adabiy-tanqidiy izlanishlari «Zamon. Qalb. Poeziya» (1962) asarida o‘z aksini topgan.

XX asrning 60-80 yillarida u Cho‘lpon hayoti va ijodini targ‘ib qilishga intildi. O. Sharafiddinov o‘zbek adabiyotining Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya singari namoyandalari haqida adabiy portretlar yaratdi: «Iste’dod jilolari» (1976), «Adabiy etyudlar» (1968), «Abdulla Qahhor» (1988), «Birinchi mo‘jiza» (1979). Olim ijodida o‘zga adabiyotlar namoyandalari ijodi haqida yaratilgan «Yalovbardorlar» (1974) adabiy-tanqidiy ocherklar kitobi muhim o‘rin egallaydi.

Ozod Sharafiddinov XX asrning 60- yillaridan XIX asrgacha bo‘lgan o‘zbek adabiy jarayonidagi holatlarni «Talant - xalq mulki» (1979), «Adabiyot - hayot darsligi» (1981), «Go‘zallik izlab» (1985), «Haqiqatga sadoqat» (1988), «Sardaftar sahifalari» (1999), «Prezident» (2003) singari asarlarida aks ettirdi.

Mustaqillik yillarida O. Sharafiddinov ham adabiy tanqidchi, ham tarjimon, ham jamoat arbobi sifatida ulkan ishlarni amalga oshirdi. «Cho‘lpon» (1991), «Cho‘lponni anglash» (1994) kitoblari, «E'tiqodimni nega o‘zgartirdim» (1997) asarlarida munaqqidning estetik prinsiplari aks etgan. Keyingi yillarda O. Sharafiddinov o‘zbek adiblari, madaniyat-san’at arboblari, olimlar haqida o‘nlab maqolalar yozdi. U jahon adabiyotining ko‘plab namoyandalari asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qildi. "Ko‘lmak suvda quyosh parchasi" (fransuaza Sagan), «Qadimgi xitoy nasri namunalari», «Monumental targ‘ibot» (Vl. Boynovich), «Al-ximik» (Paulo Koel’o) singarilar.

Ozod Sharafiddinov XX asrning 90-yillari o‘rtalarigacha O‘zbekiston Milliy universitetida professor bo‘ldi. 1995—1997 yillarda «Tafakkur» jurnali bosh muharrir o‘rinbosari vazifasini bajardi.

U 1997 yildan beri «Jahon adabiyoti» jurnalining bosh muharriri. Ozod Sharafiddinov Beruniy nomidagi Davlat Mukofoti laureati (1970), «Buyuk xizmatlari uchun» (1999), «Mehnat shuhrati» (1997) ordenlari sohibi. 2002 yil 23 avgustda Ozod Sharafiddinovga «O‘zbekiston qahramoni» unvoni berildi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit