Sharipov Husnitdin


571

Tug‘ilgan sana: 1933 Fevral 10
Tug‘ilgan joyi: Namangan
Yo‘nalishlar: Yozuvchilar, Shoirlar

Husniddin Sharipov iste’dodli shoir va dramaturg. Shoir hozirgacha 18 ta doston yaratib, adabiyotning bu turini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shdi. U qo‘shiqchi shoir sifatida ham ma’lum va mashhurdir. U «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni va Yoshlar ittifoqi mukofotining sohibidir. Shuningdek, «Mehnat shuhrati» ordeni bilan ham taqdirlangan.

Tarjimai hol

Iste’dodli shoir va dramaturg Husniddin Sharipov 1933 yil 10 fevral quni Namangan viloyatining Pop shaxrida tug‘ildi.

U Namangan qishloq xo‘jalik texnikumini bitirgach, 1949-1954 yillarda Toshkent qishloq xo‘jalik institutining o‘rmon-melioratsiya fakultetida tahsil oldi. So‘ngra Namangan o‘rmon xo‘jalik idorasida injener (1954-1956), «Namangan haqiqati» viloyat gazetasida adabiy xodim va mas’ul kotib (1956-1960), «O‘zbekiston madaniyati» gazetasida adabiy xodim (1960-1962), «Sharq yulduzi» jurnalida (1962-1969, 1976-1977, 1982-1983) bo‘lim mudiri, 1984-1993 yillarda esa O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi bo‘lib xizmat qildi.

Husniddin Sharipovning «Navoiy» nomli birinchi she’ri «Namangan haqiqati» gazetasida 1948 yil aprelida, «Nihol» degan ilk she’riy to‘plami esa 1956 yilda nashr etildi.

Faoliyati

Shoirning «Ko‘ngil buyurgani» (1961), «Quyoshga oshiqman» (1963), «Tuproqqa qasida», «Erning qalbi» (1965), «Men sizga aytsam» (1968), «Lirika» (1970) kabi asarlari keng kitobxonlar ommasining mehrini qozondi.

U faol ijodiy mehnat qilib, o‘z o‘quvchilariga «Hayajonli daqiqalar» (1980), «Oh, go‘zal» (1981), «Xirmon» (1985), «Yana visol» (1987), «Yor istab» (1992) she’riy kitoblarini, ikki jildlik «Saylanma»sini (1983) taqdim etgan.

Shoir hozirgacha 18 ta doston yaratib, adabiyotning bu turini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shdi. Uning «Sotvoldidan salom» (1968), «Quyoshga oshiqman» (1961), «Insof diyori» (1978-1979), «Qilmish-qidirmish» (1975-1976) kabi dostonlari rango-rang jilosi bilan har bir qalbga yo‘l topa oldi. Shoirning «Bog‘ ko‘cha bolalari» (1962), «Tanovar» (1965), «Ming ikkinchi kecha» (1992) kabi dostonlari xalqimiz hayotining yorqin lavhalari haqida hikoya qiladi.

Ayniqsa, uning «Bir savol» (1972) deb nomlangan she’riy romani alohida diqqatga sazovordir. Husniddin Sharipov mohir dramaturg hamdir. Uning «Seni sevaman» (1958), «Ota o‘g‘li» (1984), «Afsona» (1975), «Chollar va kampirlar» (1979), «Karvon bexatar bo‘lmas» (1986), «Yor istab» (1993) kabi pesalari respublika markaziy va viloyat teatrlarida sahnalashtirilgan.

U qo‘shiqchi shoir sifatida ham ma’lum va mashhurdir. Shoirning «Navro‘zim kelur», «Jonimiz O‘zbekiston», «Iftixor» singari qo‘shiqlari Navro‘z va Mustaqillik bayramlarida muntazam yangrab turadi. Kompozitorlar Mardon Nasimovning «Dilbarim», «Dehqonga ta’zim», Ikrom Akbarovning «To‘ylar muborak» lirik vokal syuitalari ham shoir Husniddin Sharipov she’rlari asosida yaratilgan.U bolalar adabiyoti rivojiga ham munosib hissa qo‘shib kelmoqtsa. Jumladan, shoirning «Ukajonlarimga» (1963), «Bu yog‘i nima bo‘ladi?» (1973), «Chavandoz» (1974) kabi kitoblari yosh kitobxon qalbidan chuqur o‘rin egallagan.

Husniddin Sharipov mohir tarjimon sifatida I.Turgenev, U.Uitmen, V.Mayakovskiy, R.Rojdestvenskiy, B.Vasilev pesalarini o‘zbekchaga o‘girgan bo‘lsa, uning she’r va dostonlari rus, urdu, polyak, turk kabi qardosh xalqlar tillariga tarjima qilingan. Shoir o‘z asarlarida davrning eng muhim masalalarini, xalqimiz mehnatini, xalq va Vatan baxt-saodatini kuylab kelmoqda.

U «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni va Yoshlar ittifoqi mukofotining sohibidir. Shuningdek, «Mehnat shuhrati» ordeni bilan ham taqdirlangan

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit