Tamara Xonum


3392

Tug‘ilgan sana: 1906 yil
Vafot etgan sana: 1991 yil
Tug‘ilgan joyi: Farg‘ona viloyati
Yo‘nalishlar: Raqqoslar

O’zbek Davlat musiqali teatrida raqqosa va baletmeystr sifatida faoliyat ko’rsatgan. Angliya sahnasida ijro etgan qo’shiq va nozik raqslariga maftun bo’lgan ingliz tomoshabinlari uni «Sharq marvaridi» deb nom olgan. O’zbek Davlat filarmoniyasining musiqa dastasida badiiy rahbar, baletmeyster va aktrisa sifatida faoliyat ko’rsatgan.

Tarjimai hol


O’zbek xonandasi, raqqosasi va baletmeysteri Tamaraxonim 1906 yilda Farg’ona viloyatining Gorchakova qishlog’ida tug’ilgan. Yoshligidan san’atga qiziqqan Tamaraxonim Yusufjon qiziq Shakarjonovdan o’zbek xalq raqs sirlarini va qo’shiqlarini o’rganib, sahna faoliyatini 1919 yilda Hamza tashkil etgan drama truppasida boshladi. 

1921-1922 yillarda Toshkent Davlat teatrida ishladi, 1923-1924 yillarda Lunacharskiy nomidagi Moskva teatr texnikumida o’qidi.

1924 yilda M. Qoriyoqubov rahbarligidagi kontsert truppasida ishlab, shu truppa bilan 1925 yilda Parijda bo’lgan Jahon dekarativ san’ati ko’rgazmasida qatnashdi.

Tamaraxonimning «Lolaxon», «Qorasoch», «Bilakuzuk», «Oyijon», «Fabrikaning yo’lida», «Qizlar, shitobingiz nima», «Gulyor», qo’shiqlari, «Dilxiroj» «Qarinavo»; «Usmoniya» singari raqslari xalqchilligi, ommabopligi, o’sha davr kishilari ruhiyatini ifoda etishi jihatitdan hammaga manzur bo’ldi.

Zamonasining yetuk san’atkorlari bo’lgan K. Stanislavskiy, V. Nemirovich-Danchenko, V. Mayerxold, A. Nejdanova, Hamzalardan ashulachilik va aktyorlik mahoratini o’rganishi, S. Raxmaninov bilan ijodiy hamkorligi, A. Lunacharskiy bilan bo’lgan ijodiy suhbatlari, N. Hikmat, S. yesenin va V. Mayakovskiylar bilan qilgan uchrashuvlari, Moskva teatrlaridagi chiqishlari uning san’atda o’z o’rnini topishida muhim ahamiyat kasb etdi.

1925—1929 yillarda Qo’qon, Andijon, Samarqand teatrlarida G’. Zafariyning «Halima»sida Halima, Xurshidning «Farhod va Shirin»ida Shirin, U. Hojibekovning «Arshin mol olan»ida Gulchehra rollarini ham ijro etdi. 1929—1934 yillarda Samarqand O’zbek Davlat musiqali teatrida, 1934—1935 yillarda Xorazm teatrida ishladi. 

Shu yillarda uning repertuari Farg’ona vodiysi, Samarqand, Xorazm xalq qo’shiq va raqslari, yangi laparlar: «Yallamayorim» (marg’iloncha), «Omonyor» (andijoncha), «Buxorocha raqs», «Mavrigi»; «Lazgi» va boshqa raqslar bilan boyidi. 1936—1941 yillarda O’zbek Davlat filarmoniyasida,O’zbek Davlat musiqali teatrida raqqosa va baletmeystr sifatida faoliyat ko’rsatib, ustozi Usta Olim Komilov bilan o’zbek xalq raqslarini sahnalashtirib, yangi zamonaviy raqslar yaratdi. 

«Bahor», «Qizil va oq», «Atirgullar urushi» kabi raqs janrlarini ijod qildi va o’zbek sahnasida o’zi qo’ygan birinchi balet — «Gulandom»da bosh rolni ijro etdi.

1935 yilda o’zbek san’atkorlari bilan Angliya sahnasida ijro etgan qo’shiq va nozik raqslariga maftun bo’lgan ingliz tomoshabinlari uni «Sharq marvaridi» deb atadilar. 

Tamaraxonim 1941 —1969 yillarda. O’zbek Davlat filarmoniyasining musiqa dastasida badiiy rahbar, baletmeyster va aktrisa sifatida faoliyat ko’r-satdi. Ikkinchi Jahon urushi yillarida Kiev, Ukraina frontlarida kontsert brigadalari bilan madaniy xizmat qildi va bu xizmatlari uchun kapitan harbiy unvoni bilan taqdirlandi.

San’atkorning qo’shiqlari va laparlari yoqimliligi, xalqchilligi bilan, raqslari esa nafis va sho’xligi bilan ibratlidir. Uning qo’shiqlarida xalqlar do’stligi, ozodligi, tinchligi mavzulari muhim o’rin tutadi. Bu jihatdan u ijro etgan «O’zbekcha vals», «Parizodoy» (qirg’izcha), «Jo’ra jonim» (tojikcha) «Kim kelyapti?» (armancha), «Garmonist» (tatarcha) «Qora to’rg’ay» (qozoqcha), «Qoshing qarosy» (uyg’urcha) «Nilufar» (hindcha), «Binti shalobiya» (arabcha), «Qaydasan qo’zichog’im» (iidonezcha) qo’shiqlari katta e’tiborga sazovordir. 

U ustoz sifatida ko’plab yetuk san’atkorlarni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. M. Turg’unboeva, G. Izmaylova, G. Rahimova, R. Karimova, G. Mavaeva, H. Komilova, I. Oqilov va boshqalar uning munosib shogirdlaridir.

O’zbek san’atining dovrug’ini nafaqat ona yurtimizda, balki chet ellarda ham katta muvaffaqiyat bilan namoyish etgan Tamaraxonim Frantsiya, Norvegiya, Olmoniya, Italiya, Vengriya, Chexoslavakiya, Polsha, Avstriya, Albaniya, Turkiya, Eron, Afg’oniston, Hindiston, Indoneziya, Xitoy, Mo’g’iliston, Pokiston va boshqa mamlakatlarda gastrol safarlarda bo’ldi. Uning serhirra va sermazmun ijodi Davlat mukofoti (1941), «O’zbekiston xalq artisti», «Xalq artisti» unvonlari bilan taqdirlanai.
O’zbek madaniyatining ulkan arbobi Tamaraxonim 1991 yilda Toshkent shahrida vafot etdi.

Dilbar qo’shiq va laparlari, ularning mazmuniga mos yoqimli raqslari bilan xalqimizni maftun etgan, birinchilar qatori o’zbek qo’shiq va raqs san’atining asl namunalarini chet ellarda namoyish etib, «Sharq marvaridi» deb nom olgan mashhur san’at ustasi Tamaraxonim o’zbek madaniyati tarixida o’chmas iz qoldirdi. Italiyada bo’lib o’tgan kuchli operachilar musobaqasida o’ttizlik guruhiga tushib, laureat bo’ldi.

Ijro etgan raqslari
• «Lolaxon»
• «Qorasoch»
• «Bilakuzuk»
• «Oyijon»
• «Fabrikaning yo’lida»
• «Qizlar, shitobingiz nima»
• «Gulyor»
• «Dilxiroj»
• «Qarinavo»
• «Usmoniya»

Ijro etgan rollari
• G’. Zafariyning «Halima»sida Halima rollari
• Xurshidning «Farhod va Shirin»ida Shirin rollari
• U. Hojibekovning «Arshin mol olan»ida Gulchehra rollari

Ijro etgan qo’shiqlari
• «O’zbekcha vals»
• «Parizodoy» (qirg’izcha)
• «Jo’ra jonim» (tojikcha)
• «Kim kelyapti?» (armancha)
• «Garmonist» (tatarcha)
• «Qora to’rg’ay» (qozoqcha)
• «Qoshing qarosy» (uyg’urcha)
• «Nilufar» (hindcha)
• «Binti shalobiya» (arabcha)
• «Qaydasan qo’zichog’im» (iidonezcha) qo’shiqlari

Unvonlari
Davlat mukofoti (1941),
«O’zbekiston xalq artisti» unvonlari bilan taqdirlangan

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit