Taymazov Artur


3735

Tug‘ilgan sana: 1979 Iyul 20
Tug‘ilgan joyi: Shimoliy Osetiya
Yo‘nalishlar: Sportchilar

Artur Borisovich Taymazov kelib chiqishi osetin bo‘lgan o‘zbekistonlik erkin kurashchidir. 1979 yil 20 iyulda Shimoliy Osetiyaning Nogir qishlog‘ida tug‘ilgan bo‘lib, bugungi kunda Toshkentning “Dinamo” klubi a'zosi. U uch karra Olimpiada chempioni (2004, 2008 va 2012 yillar), Sidney-2000 Olimpiadasi kumush medal sovrindori, ikki karra jahon chempioni, ikki karra Osiyo chempioni, uch karra Osiyo o‘yinlari g‘olibidir. 2004 yil Shimoliy Osetiya Davlat universitetini tamomlagan. Artur Taymazov sportning erkin kurash turi bo‘yicha O‘zbekiston sharafini xalqaro arenalarda munosib himoya qilayotgan ishonchli sportchilardan biri. O‘zbekiston Olimpiya tarixida qo‘lga kiritilgan 6 ta oltin medaldan 3 tasining egasi. Oilali, Arsen ismli o‘g‘li va Kamila ismli qizi bor.

Artur Taymazov Shimoliy Osetiyaning Nogir qishloqchasida dunyoga kelgan. Artur yoshligidan akasi bilan og‘ir atletika mashg‘ulotlarida ishtirok etgan. 11 yoshga to‘lganda qishlog‘ida erkin kurash bo‘limi ochilgan va Arturni bu sport turi ko‘proq o‘ziga jalb etgan. O‘sha paytlarda u hamqishloqlari Elbrus Tedeyev, Vadim Tasoev kabi kurashchilar bilan mashg‘ulotlarda qatnashgan. Professional sport bilan 1990 yildan e'tiboran shug‘ullanishni boshlagan.

Artur Taymazov o‘zining ilk yutug‘ini 19 yoshida qo‘lga kiritgan. 1998 yil Butunjahon Yoshlar o‘yinlarida chempion bo‘lgan Artur qadam-baqadam o‘zining katta yutuqlarini qo‘lga kirita boshladi.

Artur Taymazov O‘zbekiston uchun kurashishni 2000 yildan boshladi. Bu qarorni u ko‘pchilik o‘ylaganidek Rossiya terma jamoasidagi raqobat sabab emas, balki olimpiada o‘yinlaridagi kvotalar bilan izohlaydi:

„2000 yildagi Olimpiada o‘yinlarida Rossiya nomidan to‘plangan ballarga binoan, hamshaharim David Musulbesning ishtirok etishi aniq edi, menga O‘zbekiston nomidan gilamga tushishni taklif qilishdi va men buni qabul qildim.“

Artur Taymazov bilan bo‘lgan intervyudan lavha.

Keyinchalik Artur respublika va xalqaro miqyosdagi turli musobaqalarda ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Uch karra Olimpiada g‘olibi, bir necha bor Jahon va Osiyo chempioni bo‘ldi.

Sport faoliyati

2000 yil 20 avgust - 5 sentabr kunlari Avstraliyaning Sidney shahrida Olimpiada o‘yinlarida 2-o‘rinni egallagan.

2003-yil 11-15-dekabr kunlari Amerika Qo‘shma Shtatlarida jahon chempionatida 1-o‘rinni egallagan.

2004 yil 14-29 avgust kunlari Yunonistonning Afina shahrida Olimpiada o‘yinlarida 1-o‘rinni egallagan.

2006 yil 10-12-mart kunlari O‘zbekistonning Toshkent shahrida xalqaro turnirda 1-o‘rin, 2006 yil 23-25 iyun kunlari Ozarbayjonning Baku shahrida xalqaro turnirda 1-o‘rin, 2006 yil 24 sentabr - 1 oktyabr kunlari Xitoyda jahon chempionatida 1-o‘rin, 2006 yil 1-15 dekabr kunlari Qatarning Doxa shahrida Osiyo o‘yinlarida 1-o‘rinni egallagan.

2007 yil 1-4 mart kunlari O‘zbekistonning Toshkent shahrida xalqaro turnirda 2-o‘rin, 2007 yil 17-26 sentyabr kunlari Ozarbayjonning Baku shahrida jahon chempionatida 3-o‘rinni egallagan.

2008 yil 16-18 fevral kunlari Rossiyaning Vladikavkaz shahrida jahon kubogida 3-o‘rin, 2008 yil 8-23 avgust kunlari Xitoyning Pekin shahrida Olimpiada o‘yinlarida 1-o‘rinni egallab, O‘zbekiston tarixida birinchi marta ikki karra olimpiada g‘olibi degan nomni qo‘lga kiritgan.

2010 yil 6-12-sentabr kunlari Rossiyaning Moskva shahrida jahon chempionatida 2-o‘rinni olgan.

2010 yil 23-26 noyabr kunlari Xitoyning Guanchjou shahrida XIV Osiyo o‘yinlarida 1-o‘rinni olgan.

2011 yil 15-22-may kunlari Toshkent shahridagi Osiyo chempionatida 1-o‘rin, 2011 yil 23-24 iyulm kunlari Ukrainaning Kiyev shahrida xalqaro turnirda 1-o‘rinlarni egallagan.

2012 yil Angliyaning London shahrida o‘tkazilgan 2012 Yozgi Olimpiya o‘yinlarida 1-o‘rinni egallagan.

E]tirof

Ketma-ket yutuqlar, muntazam ravishda Olimpiada va Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroki, Jahon Chempionatlaridagi yutuqlar sabab Artur Taymazov xorij va o‘zbek matbuotida eng ko‘p ulug‘lanadigan mashhur sportchiga aylandi.

Eng kuchli erkak sportchi

2004 yilgi Olimpiada O‘yinlari oldidan ESPN internet nashri o‘z o‘quvchilari orasida „Eng kuchli erkak sportchi“ so‘rovini o‘tkazdi. Onlayn so‘rovning birinchi bosqichida Artur Taymazov kovboy Trevor Brazileni 77,4 % ovoz bilan ortda qoldirgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda mashhur golf ustasi Tiger Woodsni 72 957 ovoz bilan ortda qoldirdi.

Qirol Artur

London olimpiadasidagi Artur Taymazovning uchinchi oltin medalidan so‘ng mahalliy stadion.uz internet nashri Taymazovga nisbatan „Qirol Artur“ atamasini qo‘llab „Uch karra QIROL ARTUR!!!“ sarlavhasi ostida maqola chiqardi.

Shuningdek, o‘zbekistonlik kurashchi Artur Taymazov London olimpiadasida qo‘lga kiritgan oltin medali bilan erkin va yunon-rum kurashlari rekordini takrorladi. Bunga qadar uch nafar sportchi olimpiada o‘yinlarida uch marotaba chempionlikni qo‘lga kiritgandi. Taymazov ular qatoriga kirgan to‘rtinchi sportchiga aylandi. Ammo faqatgina bir sportchi uchta oltindan tashqari bitta kumush medalni qo‘lga kiritgandi. Aynan mana shu olimpiya rekordini Artur Taymazov takrorlagan. Olimpiada rekordini shu kungacha yunon-rum kurashi bo‘yicha chempion afsonaviy Aleksandr Karelinga tegishli edi. Novosbirsklik polvon 1988 (Sobiq Ittifoq tarkibida),1992 (MDO‘), 1996 (Rossiya) yillarda olimpiya chempioni bo‘lgan bo‘lsa, 2000 yili Sidneyda kumush medal bilan taqdirlangandi.

Shuningdek, erkin kurash bo‘yicha 74 kg vazn toifasida rossiyalik yana bir sportchi Buvaysar Saytiyev ham uchta oltin medalga ega bo‘lgan (1996, 2004, 2008 yillar). Belaruslik og‘ir vazn toifalarida kurashgan Aleksandr Medved esa Sobiq Ittifoq hisobiga shuncha oltin (1964, 1968, 1972 yillar) medallarni keltirgan.

Oltin haykalcha

London-2012 Olimpiadsidagi muvaffaqiyatdan so‘ng, Artur Taymazov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 14 avgustdagi Farmoniga asosan, „El-yurt hurmati“ ordeni bilan mukofotlandi. Bundan tashqari, 24-avgust kuni Taymazov London-2012 Olimpiadasining boshqa o‘zbekistonlik sovrindorlari qatorida O‘zbekiston Prezidenti qabulida bo‘lib, O‘zbekiston bayrog‘ini baland tutib turgan holatdagi, oltin suvi yuritilgan haykalchani prezidentdan sovg‘a sifatida qabul qilib oldi.

2012 yil 29 avgust kuni O‘zbekiston Olimpiya shon-shuhrati muzeyida London Olimpiadasi sovrindorlarini qutlashga bag‘ishlangan tadbirda Artur Taymazovga 150 ming AQSH dollariga sertifikat hamda Chevrolet Malibu avtomobili kaliti topshirilgan.

Osiyo Olimpiya Kengashining maxsus sovrini

2012 yil yakunida Osiyo olimpiya kengashi maxsus kengashi maxsus sovrin joriy qildi va uni XXX Olimpiya o‘yinlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan sportchilarga taqdim etdi. Osiyo olimpiya Kengashi Olimpiadada oltin medallarni qo‘lga kiritgan hamda Osiyo va jahon rekordlarini o‘rnatgan bir guruh sportchilarni tanlab oldi va ularga o‘z sovrinini topshirdi. Mazkur sovrin 3 karra olimpiada chempioni Artur Taymazovga ham topshirildi. Ushbu sovrinlar Kengashning noyabr oyida Makaoda bo‘lib o‘tgan bosh assambleyasida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi vakiliga topshirildi.

Shimoliy Osetiya prezidenti e'tirofi

2012 yil London olimpiadasidan so‘ng Artur o‘zi tug‘ilib o‘sgan joyda qahramonlarcha kutib olindi. Shimoliy Osetiya respublikasi rahbari Taymuraz Mamsurov Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston nomidan ishtirok etuvchi erkin kurashchi Artur Taymazovni mamlakatning eng oliy mukofoti - „Osetiya shuhrati“ ordeni bilan mukofotladi.

Bundan tashqari, uch karra Olimpiada chempioniga yangi uch xonali kvartiraning kalitlari ham topshirilgan. Prezident Taymuraz Mamsurovning fikricha, XXI asr so‘ngiga qadar hech kim Artur Taymazovning natijalarini takrorlay olmaydi.

Shaxsiy hayoti

Artur Taymazov 1979 yil aholi jon boshiga Olimpiada chempionlari ko‘pligi bilan „Ginness rekordlari kitobiga“ kirgan Nogir qishlog‘ida sut zavodida haydovchi bo‘lib ishlaydigan Taymazov Boris Xasakoyevich oilasida, 4-farzand bo‘lib dunyoga keldi. Onasi Taymazova Nina Babitsaevna (qizlik sharifi Gudiyeva) Olimpiada o‘yinlarida jami oltita medalga egalik qiladigan o‘g‘illari muvafaqqiyatidan faxrlanadi.

Avvaliga Artur akalari Alan va Timur bilan og‘ir atletika mashg‘ulotlarida ishtirok etgan, nisbatan kichik bo‘lganligi va musobaqalarda akalari kabi ko‘p ishtirok etmasligi uni ranjitgan va sinfdoshlarining qistovi bilan erkin kurash mashg‘ulotlarida ishtirok eta boshladi.

Artur hozirgi muvafaqqiyatlariga erishishda og‘ir atletika bilan shug‘ullanganligi va akalarining hissasi katta bo‘lganligini ko‘p bor ta'kidlaydi.

Akasi Timur Taymazov 1992 yil Barselonada bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida birlashgan MDH jamoasi tarkibida kumush medalni qo‘lga kiritgan. 1996 yil Ukraina Olimpiya jamoasida og‘ir atletika bo‘yicha oltin medalga egalik qilgan, Ikki bor Jahon chempioni bo‘lgan. Hozirda akasi Timur Taymazov Shimoliy Osetiya Soliq idorasida boshliq va Shimoliy Osetiya Parlamenti deputati.

Artur Taymazov oilali. Turmush o‘rtog‘i Zarina. Arsen (2005 yili tug‘ilgan) ismli o‘g‘li va Kamilla (2008-yil tug‘ilgan) ismli qizi bor.

Mukofotlari

Xalqaro toifadagi sport ustasi Artur Taymazov quyidagi mukofotlarni olgan:

2002 yil — „O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi“ faxriy unvoni;

2004 yil — „O‘zbekiston Iftixori“ faxriy unvoni;

2008 yil — „Buyuk xizmatlari uchun“ ordeni;

2012 yil — “El-yurt hurmati” ordeni;

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit