To‘ra Sulaymon


2481

Tug‘ilgan sana: 1934 Fevral 15
Vafot etgan sana: 2005 yil
Tug‘ilgan joyi: Jizzax
Yo‘nalishlar: Shoirlar

To‘ra Sulaymon shoir sifatida matbuotda 1958 yildan ko‘rina boshladi. «Alhazar» nomli hajviy she’rlar to‘plami 1979 yilda «Mushtum» jurnali sovriniga sazovor bo‘lgan. Unga O‘zbekiston xalq shoiri unvoni berilgan. To‘ra Sulaymon baxshiyona shoir bo‘lib, asli Jizzaxning Baxmal tumani, Yoyilma qishlog‘idan bo‘ladi.

Tarjimai hol

1936 yilda Mirzacho‘lga ko‘chirma qilingach, sirdaryolik bo‘lib olgan. «Mening qaysi yili tug‘ilganim aniqmas, - deb yozadi u o‘z tarjimai holida. - Enamning aytishlariga qaraganda, o‘zimning qachon maktabga borib, qachon ro‘zg‘or ishlari bilan kattalarday jiddiy shug‘ullana boshlaganimni eslasam, tug‘ilgan yilim o‘ttiz ikkinchiga to‘g‘ri keladi.

Bunday deyishimning sababi quloq qilinganimizda enamning qo‘lida bo‘lgan ekanman».

Hujjatlarda esa uning tug‘ilgan yili 1934 yil, deb ko‘rsatilgan.

To‘ra Sulaymon o‘rta maktabni 1952 yilda tugatgach, maktablarda o‘qituvchilik qilgan.

U 1958-1964 yillarda Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini sirtdan o‘qib bitirgan. Avval «Guliston» nomli tuman, so‘ng «Sirdaryo haqiqati» nomli viloyat gazetalarida mas’ul kotib bo‘lib ishlagan. 1972-1977 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyatining mas’ul kotibi, 1986 yildan umrining oxirigacha esa adabiy maslahatchi bo‘lib xizmat qilib keldi.

Bo‘lg‘usi shoirda adabiyotga, ijodga havas ancha erta uyg‘ongan. Bunda xalq ijodi, xalq kitoblarini yaxshi bilgan zukko ota-onasining xizmati katta bo‘lgan. «Ayniqsa, - deb eslaydi shoir, - otamdan eshitgan ertaklarim orasida «Boldirboy» degan ertak meni maftun qilar edi».

Faoliyati

To‘ra Sulaymon shoir sifatida matbuotda 1958 yildan ko‘rina boshladi. 1962 yilda esa uning «Istar ko‘ngil» she’riy to‘plami chop etiladi.

Shundan keyin uning yigirmadan ortiq she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Bular orasida «Qorasoch» dostoni (1964), «Hamqishloqlarim» (1968), «Jahongashta» (1970) dostoni, «Mening qora ko‘zginam» (1972), «Men qayta borar bo‘lsam» (1976), «Alhazar» (1979), «Intizor» (1980), «Sizni eslayman» (1982) va «Istar ko‘ngil» (1982) saylanma to‘plamlari kitobxonlar tomonidan iliq kutib olingan.

Mazkur kitoblari orasida uning «Alhazar» nomli hajviy she’rlar to‘plami 1979 yilda «Mushtum» jurnali sovriniga sazovor bo‘lgan.

U hayotining so‘nggi kunlarida «Al-qasosu min Al-haq» nomli epopeyasi ustida ishladi. Unga O‘zbekiston xalq shoiri unvoni berilgan.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit