Tolib Yo‘ldosh


1838

Tug‘ilgan sana: 1918 yil
Vafot etgan sana: 2002 yil
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Yozuvchilar, Shoirlar

Bolalar va kattalarning ardoqli shoiri Tolib Yo‘ldosh she’riy to‘plamlarida beg‘ubor yoshlar qalbi, orzu-maqsadlari, intilishlari, quvonch va tashvishlari o‘zining yorqin ifodasini topgan. Kattalarga bag‘ishlangan ko‘p asarlari janr jihatdan to‘rtliklar, sakkizliklar va hajvlardan iborat she’rlar o‘zining mazmundorligi, falsafiy teranligi, badiiy puxtaligi bilan o‘quvchini o‘ziga jalb etadi.

Tarjimai hol

Tolibga mustaqilligimizning yetti yilligi kunida «El-yurt hurmati» ordeni berilgan. Bolalar va kattalarning ardoqli shoiri Tolib Yo‘ldosh 1918 yili Toshkentning Chilonzor mavzei Gulbozor mahallasida, oddiy mehnatkash oilada dunyoga kelgan. U turmush tashvishlari bilan bo‘lib, ilm-bilim degan narsalarni qirq yoshidan so‘ng egalladi. Tayyorlov va kechki kurslarda o‘qidi.

Tolib Yo‘ldosh 2002 yilda vafot etgan.

Shoirning ko‘p asarlari, aytganimizdek, kattalarga bag‘ishlangan. Ular janr jihatdan to‘rtliklar, sakkizliklar va hajvlardan iborat. Bu jihatdan adibning «Oshiq ko‘ngil» (1974) to‘plamiga kirgan «Etuklik», «Yillar va o‘ylar» turkumidagi she’rlar o‘zining mazmundorligi, falsafiy teranligi, badiiy puxtaligi bilan o‘quvchini o‘ziga jalb etadi.

Tolib Yo‘ddosh ijodida hajv ham katta o‘rinni egallaydi. Hatto bu mazmundagi asarlari «Mushtum» kutubxonasi turkumida alohida nashr ham etilgan. Xususan, «Ajabsanda» nomli hajviy asarlardan tarkib topgan she’riy to‘plami alohida e’tiborni tortadi.

Tolib Yo‘ldosh g‘azalnavis shoir sifatida ham ma’lum. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor aytganidek, «u faqat qalb amri bilan, ichki bir ehtiyoj bilan» ijod qilib, hurmatga kirgan adib sifatida bugungi adabiy jarayonda o‘z o‘rniga egadir.

Unga mustaqilligimizning yetti yilligi kunida «El-yurt hurmati» ordeni berildi.

Faoliyati

Tolib Yo‘ldoshning birinchi she’riy to‘plami «Bo‘ri bilan chol» 1943 yilda chop etilgan. «Shundan beri, - deb yozadi shoir tarjimai holida, - qirqqa yaqin to‘plam nashr ettirdim, yarmi bolalarga, yarmi kattalar uchun».

Tolib Yo‘ddoshning «Baxtiyorlar qo‘shig‘i», «Porloq erta», «Polizda», «Do‘mboqlar», «Koptok nega qochadi», «O‘smirlik o‘ylari», «Oq terakmi, ko‘k terak», «Quyosh bilan suhbat» kabi yigirmaga yaqin she’riy to‘plamlarida beg‘ubor yoshlar qalbi, orzu-maqsadlari, intilishlari, quvonch va tashvishlari o‘zining yorqin ifodasini topgan.

Shoirning bolalarga bag‘ishlangan ko‘pchilik she’rlari Z.Diyor, Q.Muhammadiy va Q.Xikmat kabi shoirlarning she’rlari kabi sodda, ravon va aniq badiiy ifodaga ega ekanligi bilan e’tiborlidir. Masalan, u har bir xonadonning og‘irini yengil qilgan elektr nuri bilan gaz haqidagi «Ikki dastyor» she’rida:

Uyimizda ikki dastyor,

Bir-biridan o‘tar chaqqon.

Biri uyni nurga purkab,

Biri oshga olov yoqqan.

Biz ularning xizmatidan

Bir umrga rozimiz.

Yangi uyda guldek yashnab

O‘tar qishu yozimiz, -

deya, tabiat mo‘’jizalarining kundalik turmushimizdagi ahamiyatini ulug‘laydi. Qizig‘i shundaki, shoir ko‘p she’rlarini topishmoq tarzida bayon etadi. Oqibatda bolaning diqqat-e’tibori she’rga tortiladi, o‘y-xayolga beriladi. Yana «Shodivoy» nomli she’rida:

Shodivoy shoshib qoldi: -

Konfetimni kim oldi?

Hozir tilim tagida -

Turgan narsa yo‘qoldi... -

deganda ham, xuddi shu topishmoq, savol-javob usulidan mahorat bilan foydalanish orqali bolalar xarakteriga xos xayolparastlik va topqirlik holatlarini umumlashtiradi.

Bolalarga bag‘ishlangan yana bir qator she’rlari esa o‘zining ma’no va mazmuniga ko‘ra jiddiy, salmoqli, o‘y-xayolga chorlab turishi bilan ajralib turadi. Jumladan, «To‘rt fasl» she’rida yilning ko‘klam, yoz, kuz va qishi haqida ajoyib bir manzara yaratadi.

Tolib Yo‘ldoshning bolalarga bag‘ishlangan she’riyati orasida ertaklar, ertak-dostonlar ham anchagina. Uning «Ovchi», «To‘qlikka-sho‘xlik», «Xumcha bilan nimcha», «Qo‘rqoq quyon», «O‘rmonliklar orzusi», «Toshmat uchgan» kabi o‘nlab ertaklari xayoliy-sarguzasht janriga xos uslubda yaratilgan. Bu hol esa bolalarning romantik kayfiyatiga juda mos bo‘lib, ularning ichki dunyosini to‘laroq ochib berish imkoniyatini beradi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit