Turdiyeva Kavsar Sheraliyevna


2242

Tug‘ilgan sana: 1958 Avgust 6
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Shoirlar, O‘qituvchilar

Kavsar Turdiyeva mohir pedagog va murabbiy sifatida qator uslubiy qo‘llanmalar muallifidir. Uning «Zumrasha» hajviy kinojurnali uchun yozilgan «Ma'naviyatli bo‘laylik», «Sumalak va tilak» kabi syujetlari turli kino anjumanlarida yuqori baholandi. Adabiy va ijtimoiy faoliyati uchun «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.

Tarjimai hol

Bolalar shoirasi Kavsar Turdiyeva 1958 yil 6 avgustda Toshkent shaxrida, ziyoli oilasida tug‘ilgan.

1975 yili Chilonzor tumanidagi 201-maktabni tugatgan. O‘sha yili Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirgan. So‘ng Leningrad Davlat universitetini o‘qib tugatgan (1981).

Kavsar Turdiyeva O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi. Toshkent pediatriya tibbiyot institutida o‘qituvchi bo‘lib ishladi. Hozir shu institutda kafedra mudiridir. Adabiyotshunos va tilshunos olimlar oilasida tug‘ilgan Kavsar yoshligidanoq bolalar adabiyotiga qiziqdi. Ilk she'ri o‘quvchilik yillarida hozirgi «Tong yulduzi» gazetasida bosildi.

Kavsar Turdiyeva 1994 yili «Hozirgi zamon o‘zbek bolalar she'riyatida ma'naviyat muammolari» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Hozir u «So‘nggi davr o‘zbek bolalar adabiyotining rivojlanish tamoyillari» mavzuidagi doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib bormoqda.

U, ayni chog‘da, mohir pedagog va murabbiy sifatida qator uslubiy qo‘llanmalar muallifi hamdir. Adabiy va ijtimoiy faoliyati uchun «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.

Birinchi kitobi «Varrak» 1983 yili nashr etildi. Shundan so‘ng uning «O‘ynayapman, o‘ylayapman» (1987), «Qush bo‘lib uchgan ona» (1994), «Raqamlar bo‘ylab sayohat» (2002) kitoblari bosmadan chiqdi. Ular bolalar qalbining beg‘ubor kengliklarini ochib berishga, ularning nozik ruhiy qalb jarayonlarini ko‘rsatishga bag‘ishlangan.

Kavsar Turdiyeva bolalar kinosi sohasida ham izlanishlar qilmoqda. Uning «Zumrasha» hajviy kinojurnali uchun yozilgan «Ma'naviyatli bo‘laylik», «Sumalak va tilak» kabi syujetlari turli kino anjumanlarida yuqori baholandi. Kavsar Turdiyeva bolalar dramaturgi sifatida Sog‘lom avlod yiliga bag‘ishlab «Toshkesaklar mamlakatida» degan sahna asarini yaratdi. Kavsar uchun, ayniqsa, 2003 yil samarali kechdi, bir yo‘la «Ona isi», «Obod mahalla ko‘chalari», «Hayvonat bog‘i», «Salomat bo‘ling» kabi she'riy to‘plamlari chop etildi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit