Uyg‘un


997

Tug‘ilgan sana: 1905 yil
Vafot etgan sana: 1990 yil
Tug‘ilgan joyi: Qozog'iston
Yo‘nalishlar: Yozuvchilar, Shoirlar, Adabiyotshunoslar

Uyg‘un she’riyati markazida bahor, muhabbat, Vatan, tinchlik, do‘stlik mavzulari turadi. U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston xalq shoiri, shuningdek, Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Rahmatulla Otaqo‘zi o‘g‘li Uyg‘un 1905 yili hozirgi Qozog‘iston Respublikasi Jambul viloyatining Marki qishlog‘ida xizmatchi oilasida dunyoga keldi.

Tarjimai hol

Uyg‘un qishlog‘idagi maktabni tugatgach, Toshkent pedagogika texnikumida o‘qidi. 1925 yildan boshlab Toshkent qishloq xo‘jalik texnikumida o‘zbek tili va adabiyotidan dars berdi.

Uyg‘un 1927 yili Samarqanddagi Pedagogika akademiyasiga o‘qishga kirib, Mirtemir, Hamid Olimjon, Amin Umariy, Hasan Po‘latlar bilan tanishadi.

Uyg‘un yoshligidan she’rlar yozib, vaqtli matbuotda faol ishtirok eta boshladi. 1929 yili shoirning «Bahor quvonchlari» nomli birinchi she’rlar to‘plami chop etildi. 30-yillarda shoirning «Ikkinchi kitob», «Quyosh o‘lkasi», «She’rlar», «Muhabbat» kabi yangi she’riy to‘plamlari va bir qator hikoya va dostonlari bosilib chiqdi.

Uyg‘un 1990 yilning fevral oyida 85 yoshida olamdan o‘tgan.

Uyg‘un she’riyati markazida bahor, muhabbat, Vatan, tinchlik, do‘stlik mavzulari turadi.

Uyg‘un 1974 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga muxbir a’zo qilib saylangan. U A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, A.P.Chexov, L.N.Tolstoy, V.Shekspir asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Faoliyati

Dastlabki she’riy to‘plamining «Bahor quvonchlari» deb atalishi ham bejiz emas. «Vatan - Ona so‘zi naqadar aziz» deb boshlanuvchi «Vatan» nomli she’ri o‘zbek she’riyatidagi ona-Vatan haqidagi eng yaxshi asarlar sirasiga kiradi. U «Do‘stlik qo‘shig‘i» she’rida:

Yoru birodarlik, mehru oqibat,

Hamkorlik, birdamyaik ko‘p yaxshi odat.

Do‘stlik - eng insoniy fazilat bizda,

Bizning qudratimiz do‘stligimizda, -

desa, «O‘chmas muhabbat» she’rida:

Sevgisiz qalb - egasi yo‘q uy,

Sevgisiz qalb - vayrona, bo‘m-bo‘sh!

Muhabbatdan ajralgan yurak

Yurak emas, chorak qadoq go‘sht, -

deb ta’riflaydi.

Shoirning, xususan, 60-yillardan keyin yaratilgan she’rlarida ko‘proq umuminsoniy qadriyatlarni ardoqlash yetakchilik qiladi. Bu jihatdan «Xirosimatakrorlanmasin», «Himolay», «Chodir yopingan ayol», «Shahringga yo‘l oldim», «Hind raqqosasiga» kabi she’rlari e’tiborga loyiq. Uyg‘un she’riyati janriga ko‘ra ham boy. Unda muhabbat lirikasi, siyosiy lirika, ballada, qo‘shiq, latifalargacha mavjud. Shuningdek, u «Ukraina yellari», «Jontemir», «Gulasal» kabi doston va balladalar ham yaratgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimizning fashizmga qarshi kurashdagi yuksak vatanparvarlik fazilatlarini kuylagan shoir she’riyati yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi. Uyg‘un bu davrda «Ona» (1942), «Alisher Navoiy» (1943, Izzat Sulton bilan hamkorlikda), «Qaltis hazil» (1944) kabi sahna asarlarini ham yaratdi.

Uyg‘unning urushdan keyingi yillardagi ijodida urush va tinchlik, fidokorona mehnat mavzulari yetakchilik qildi. Shoir shu davrda «Hayot chorlaydi» (1954) she’riy to‘plamini e’lon qildi. «Hayot qo‘shig‘i» (1947), «Oltinko‘l», «Navbahor» (1948), «So‘nggi pushaymon» (1955) singari dramatik asarlarini yozdi. Uning keyingi yillarda ijod qilgan «Parvona» (1956), «Abu Rayhon Beruniy» (1973), «Ibn Sino», «Zebuniso» kabi sahna asarlari o‘zbek dramaturgiyasining yaxshi namunalaridan hisoblanadi. Uyg‘un 1952-1954 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi bo‘lib ishladi. U o‘zbek adabiyoti taraqqiyoti yo‘lidagi xizmatlari uchun 1956 yili «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi», 1965 yili esa «O‘zbekiston xalq shoiri» faxriy unvonlariga, shuningdek, Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit