Uzoqov Ma’murjon


3287

Tug‘ilgan sana: 1904 yil
Vafot etgan sana: 1963 yil
Tug‘ilgan joyi: Marg`ilon
Yo‘nalishlar: Qo`shiqchilar

Ma’murjon Uzoqov xushovoz xonanda, xalq hofizidir.U juda erta qo‘shiq aytishga mehr qo‘ygan va avval Mamatbobo va Boltaboy hofizlardan ashula aytishni, Hasan qoridan dutor chalish va yalla aytishni, murakkab ijro uslublarini, katta ashulalar aytishning o‘ziga xos qiyinchiliklari va nozik sirlarini o‘rganib, ko‘p yillar samarali ijod etib, katta hofizlar bilan hamnafas bo‘lib qo‘shiqlar aytdi.

Tarjimai hol

Xushovoz xonanda, xalq hofizi Ma’murjon Uzoqov 1904 yilda Marg‘ilonda tug‘ilgan.

1922—1925 yillarda Xudoybergan hofiz, 1926— 1932 yillarda Hasan qori, 1933—1962 yillarda Jo‘raxon Sultonovlar bilan ko‘plab mumtoz, xalq va zamonaviy ashulalarni aytdi.

M. Uzoqov dastlab «choyxonalar»da berilgan kontsertlarda qatnashib, 30-yillarda Marg‘ilon teatrida xonanda sifatida faoliyat ko‘rsatdi va qo‘shiqchilikda o‘z o‘rnini topa boshlagach, Toshkentga kelib, 1940—1950 yillarda Muqimiy nomidagi teatrda artist va xonanda bo‘lib ishladi, ba’zi asosin spektakllarda esa rollar ijro etdi.

S. Abdulla va T. Jalilovning «Tohir va Zuhra» spektaklidagi Tohir roli shular sirasiga kiradi. Lekin M. Uzoqov xalq hofizi sifatida tan olingan, tabiatan sahna uchun emas, ashula uchun tug‘ilgan san’atkor edi.

U 1952—1962 yillarda O‘zbekiston Radiosida xonanda, O‘zbek Davlat estradasida solist sifatida faoliyat ko‘rsatib, Respublikamiz va uning tashqarisida bo‘lgan katta madaniy tadbirlarda ishtirok etdi.

Muqimiy, Furqat, Hamza, Habibiy, S. Abdulla she’rlari bilan aytiladigan qo‘shiqlar uning repertuaridan mustahkam o‘rin oldi. Ayniqsa, u aytgan «Ko‘zlaring», «Sayding qo‘yaber sayyod», «Keldim», «Shaydo bo‘libman», «Mustahzod», «Sho‘x jononim mening», «Nasihat», «Parvo etib ket», «Ayrilmasin», «Ko‘zim shahloga tushdi», «Qachon bo‘lg‘aykim», «Tomon keladur», «Dog‘man» kabi xalq qo‘shiqlarini, katta ashulalarni, yallalarni qo‘shiq muxlislari maroq bilan tinglab, estetik zavq oldilar.

Shuningdek, M. Mirzayev kuy bastalagan «Yakka bu Farg‘onada», «Surating» (Muqimiy), «Nur istab», «Qachon bo‘lg‘aykim» (Furqat), «Bir kelib ketsun» (Hamza) kabi nodir qo‘shiqlar ham uning ijodida muhim o‘rin tutadi.

M. Uzoqovning ijodiy mehnati munosib taqdirlandi.

1939 yilda unga «O‘zbekiston xalq hofizi» unvoni berildi. U 1963 yilda Marg‘ilonda qo‘shiq ayta turib jon berdi.

Ko‘p hofiz va xonandalar xalq qo‘shiqlarini, yallalarni, ayniqsa, katta ashula aytishdagi uning an’analarini davom ettirmoqdalar.

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 9 yilligi munosabati bilan o‘zbek milliy madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun M. Uzoqov «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit