Vohidov Erkin


5659

Tug‘ilgan sana: 1936 Dekabr 28
Vafot etgan sana: 2016 May 30
Tug‘ilgan joyi: Farg‘ona
Yo‘nalishlar: Shoirlar

Zamonaviy o‘zbek milliy adabiyotining yorqin yulduzlaridan biri Erkin Vohidov ijodida g‘azal, qasida, muxammas kabi janrlar shakllanib boradi. U mumtoz adabiyotning bu sohadagi tajribalarini boyitish, mukammallashtirishga intiladi. Erkin Vohidov badiiy mahorati o‘sib, kamol topgan, chuqur falsafiy umumlashmalar darajasiga ko‘tarilgan ijodkordir.U O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramonidir.

Zamonaviy o‘zbek milliy adabiyotining yorqin yulduzlaridan biri Erkin Vohidovdir.

U 1936 yilning 28 dekabr sanasida. Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida o‘qituvchi oilasida tug‘ilgan. Otasi CHo‘yanboy Vohidov urush so‘ngida frontdan Toshkentga qaytib kelib, shu yerda vafot etgan. So‘ng onasi Roziyaxon Vohidova (Sohiboyeva) ham vafot etadi.

Bo‘lg‘usi shoir esa tog‘asi Karimboy Sohiboyev tarbiyasida bo‘ladi.

Erkin Vohidov o‘rta ma'lumotni Toshkentda oladi. 1960 yilda Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetini tugatib, avval sobiq «Yosh gvardiya», so‘ng G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotida muharrir, bosh muharrir va rahbar ham bo‘lib ishlaydi. «Yoshlik» jurnaliga muharrirlik qiladi. U mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining xalqaro aloqalar va munosabatlar qo‘mitasi rahbari sifatida Respublika ijtimoiy hayotida faol ishtirok etadi. U O‘zbekiston Senati a'zosi edi.

Faoliyati

Uning birinchi she'ri 14 yoshida, 7-sinfda o‘qib yurgan kezlarida chop etilgan. U 16 yoshga kirganda «Manzara» nomli she'ri bosildi. Unda tabiat go‘zalligi samimiy tasvir etilgan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay, u do‘stlariga qarata:

Istaymanki, xurramlik bo‘lsin,

SHo‘x qahqaha bog‘lasin qanot.

Kuy shalola yanglig‘ quyilsin,

Qo‘shiq bo‘lib tuyulsin hayot, -

deb, ijodning katta karvoniga o‘zining yaxshi niyati, katta umidi, pokiza qalbi bilan kirib keldi.

Shoirning «Tong nafasi» (1961), «Qo‘shig‘im sizga» (1962), «Aql va yurak» (1963), «Mening yulduzim» (1964) kabi to‘plamlariga kirgan ko‘pchilik she'rlarida uning badiiy tafakkurida ham, poetik uslubida ham o‘sish, ulg‘ayish sezila boshlaydi. Endi shoir oddiy hayotiy tasavvurlardan ancha chuqur fikrlash sari ko‘tariladi. Ayniqsa, «Fursat - oltin», «Inson» kabi she'rlarida shoirning hayot haqidagi tasavvuri yana ham chuqurlashadi.

U inson haqida madhiya o‘qib: «Yerni go‘zal qilgani sayin, Go‘zal bo‘lar o‘zi ham inson», degan xulosaga keladi. Mehnatni, go‘zallikni, ezgulikni ulug‘laydi. Xuddi shu davrda shoir ijodida yana bir muhim intilish paydo bo‘la boshlaydi. U endi mumtoz adabiyotimiz an'analaridan oziq izlab topadi. Uning «G‘uncha», «Azganush», «Fuzuliy haykali yonida» kabi she'rlari bu boradagi dastlabki dadil izlanishlari edi. Binobarin, shoir ijodida janr va uslub rang-barangligi qatori mavzular doirasi ham kengayadi. «Chirchiq», «Do‘stim», «Olimlarning rafiqalariga» kabi she'rlarida shu holat ko‘zga yaqqol tashlanadi.

Shunday qilib, E.Vohidov ijodida g‘azal, qasida, muxammas kabi janrlar shakllanib boradi. U mumtoz adabiyotning bu sohadagi tajribalarini boyitish, mukammallashtirishga intiladi. Ayniqsa, «Yoshlik» (1969) devoniga kirgan she'rlar bu jihatdan e'tiborlidir.

Shoir xuddi shu davrdan boshlab dunyo kezdi, dunyoni ko‘rdi, dunyoni tanidi. Ana shu taassurotlari asosida «Tirik sayyoralar» (1978), «Sharqiy qirg‘oq» (1981) kabi yangi she'riy to‘plamlarini tashkil etgan she'rlarini yaratdi. Inson taqdiri, uning baxti va kelajagi shoir ijodining mavzuiga aylanadi.

Uning «Kelajakka maktub» (1983), «Yaxshidir achchiq haqiqat» (1992) to‘plamlariga kirgan she'rlarida buyuk, pokiza, haqgo‘y va bedor insonni kamol toptirish g‘oyasi yetakchilik qiladi. Xuddi shu o‘rinda faylasuf shoirning kelajak haqidagi bashorati o‘zining yorqin ifodasini topgan satrlarini chetlab o‘tolmaymiz. Uning «Vatan istagi», «Devona haqgo‘y», «Iztirob» kabi she'rlari bu jihatdan alohida ahamiyatli. Shoir «Vatan istagi» she'rida sobiq SSSR mavjudligidayoq:

Bu vatandan bir Vatan qurmoqni istaydir ko‘ngil,

O‘zni ozod qush kabi ko‘rmoqni istaydir ko‘ngil, -

deya bo‘lg‘usi mustaqil Vatan - O‘zbekistonni ko‘rishni istadi.

Shoirning «Buyuk hayot tongi» (1960), «Orzu chashmasi» (1964), «Nido» (1964), «Palatkada yozilgan doston» (1966), «Quyosh maskani» (1972), «Ruhlar isyoni» (1980), «Ko‘hinur» (1982) kabi liro-epik asarlari, qolaversa, «Oltin devor» va «Istambul fojiasi» kabi she'riy dramalari katta ijodiy mehnatining samaralaridir.

Ana shunday samarali ijodi Erkin Vohidovga el-yurt e'zozini olib keldi. U tavalludining 60 yilligi munosabati bilan «Buyuk xizmatlari uchun» (1996) ordeni bilan taqdirlandi.

Shoirning to‘rt jildlik «Saylanma asarlar»i nashrdan chiqdi.

Xullas, Erkin Vohidov badiiy mahorati o‘sib, kamol topgan, chuqur falsafiy umumlashmalar darajasiga ko‘tarilgan ijodkordir.

O’zbekiston Qahramoni, O’zbekiston xalq shoiri, mashhur ijodkor Erkin Vohidov uzoq xastalikdan so’ng 2016 yilning 30 may kuni vafot etdi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit