Xayriddin Saloh


410

Tug‘ilgan sana: 1934 Yanvar 15
Vafot etgan sana: 1969 Iyun 5
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Shoirlar

Romantik tasavvur va lirik kayfiyatlar kuychisi bo‘lgan Xayriddin Saloh 50-yillarda o‘zbek she’riyatiga kirib kelgan shoirlardan biridir. Xayriddin Saloh o‘ta samimiy va dilbar inson ham edi. Uning qator lirik she’rlardan qilgan tarjimalari kitobxonlar ommasi tomonidan samimiy kutib olingan.

Tarjimai hol

50-yillarda o‘zbek she’riyatiga kirib kelgan shoirlar orasida Xayriddin Saloh alohida ajralib turadi.

U 1934 yili Toshkentda tug‘ilgan, o‘rta maktabda o‘qib yurgan kezlaridayoq she’riyatga bo‘lgan qiziqishini namoyish eta boshlagan. Ana shu qiziqish uni 50-yillarning boshlarida G‘ayratiy rahbarlik qilgan adabiyot to‘garagiga boshlab kelgan. U shu yerda E.Vohidov, Yu.Shomansur, Sayyor singari yosh shoirlar bilan birga she’riyat alifbosini o‘rgangan. Xayriddin Saloh 1957 yilda Toshkent Davlat pedagogika institutining kechki bo‘limini tugatgach, turli gazeta va jurnallar tahririyatlarida adabiy xodim lavozimida xizmat qilgan.

Uning so‘nggi xizmat joyi «Gulxan» va «G‘uncha» jurnali bo‘ldi.

Shoir avji iste’dodi chaman bo‘lib ochilgan vaqtda, 1969 yili fojiali ravishda halok bo‘lgan.

Bunday nafis tuyg‘ular kuychisi bo‘lgan shoir chindan ham o‘ta samimiy va dilbar inson ham edi.

U tarjimon sifatida Bayron, Pushkin, Lermontovlarning qator lirik she’rlarini o‘zbek tiliga o‘girgan. Uning Henrix Heynening lirik she’rlaridan qilgan tarjimasi kitobxonlar ommasi tomonidan samimiy kutib olingan.

Faoliyati

Xayriddin Salohning ilk she’ri 1950 yili matbuotda e’lon qilingan. 1957 yili ustoz Mirtemir yosh shoirga oq yo‘l tilab, uning «Niyat buloqlari», «Ko‘li Qubbon» va «Olma» she’rlarini gazetada e’lon qilgan. Oradan bir yil o‘tgach, H.Salohnint «Chashma» (1958) deb nomlangan ilk she’rlar to‘plami nashr etilgan.

Yosh shoir 60-yillarda, ayniqsa, samarali ijod qilib, o‘zining «Ikkinchi imtihon» (1961), «Ishqim va rashkim» (1965), «Tug‘yon» (1969) kabi bir qator she’riy to‘plamlarini nashr ettirdi. Vafotidan so‘ng esa «Izlar va hislar» (1974), «Lirika» (1985) kabi she’r va dostonlardan tarkib topgan kitoblari bosilib chiqdi.

Romantik tasavvur va lirik kayfiyatlar kuychisi bo‘lgan shoir «Na’matak», Sulton Jo‘ra hayotiga bag‘ishlangan «Yangroq hayot» singari dostonlarini yaratdiki, ular 60-yillar o‘zbek she’riyatining yutuqlaridan birini tashkil etdi.

Xayriddin Salohning iste’dodi quyidagi satrlarda yorqin namoyon bo‘ladi:

Nafis qora xol bo‘lguncha

Biror qatra bo‘lgim bor.

Tabassumda oshno, g‘uncha

Dudoqlarga qo‘ngim bor.

Zumrad - ko‘z, qosh,

Ming xil la’l tosh,

Raqs etadi qatrada.

Oqshomlar - oy,

Kunduz - quyosh

Aks etadi qatrada.

U o‘zining «Bir cho‘qqini zabt etdim» degan she’rida:

Ruhim tetik, uncha-muncha

Tog‘u dovon pisandmas, -

deb kelajakka katta ishonch bilan boqqan bo‘lsa, yana bir she’rida:

«Nega shamol bo‘lmadim?», «Nega bir parcha nur bo‘lmadim?» deb ketma-ket savollar qo‘yib, savollariga shunday ma’noli javob beradi:

Inson bo‘ldim,

Shuning uchun - Yel ham, nur ham bo‘lmadim...

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit