Xo'jayev Olim


2883

Tug‘ilgan sana: 1910 Oktyabr 7
Vafot etgan sana: 1977 Fevral 14
Tug‘ilgan joyi: Buxoro
Yo‘nalishlar: Aktyorlar, Rejissyorlar

Aktyor, rejissyor, jamoat arbobi, yuqori madaniyat soxibi, lirik, dramatik va fojeaviy obrazlarning mohir ustasi va asl ziyolilikning timsoli bo‘lgan mashhur o‘zbek aktyori, ryojissyor va jamoat arbobi Olim Xo‘jayev 1910 yilda Buxoroda tug‘ilgan.

U 1929 yili Buxorodagi maorif bilim yurtini tugatib, Hamza nomidagi O‘zbek Davlat akademik drama teatrida aktyor sifatida o‘z mehnat faoliyatini boshlab, K. Gotstsining «Malikai Turandot»idagi Qalaf, 3. Fatxullinning “Sotqinlari”dagi Nomozov kabi ilk obrazlarini yaratdi. Tinib-tinchimas, g‘ayratli, o‘z ustida ishlashdan charchamaydigan aktyorning bu obrazlari uning kelgusida yaratishi mumkin bo‘lgan yetuk obrazlariga ma’lum tayyorgarlik vazifasini o‘tadi.

O. Xo‘jayev K.Yashin, A. Umariylarning dramasi asosida sahna yuzini ko‘rgan «Hamza» spektaklida Hamza rolini mohirlik bilan ijro etdi. U «Hamza» spektakli va 1960 yilda kinorejissyor 3. Sobitov suratga olgan «Hamza» badiiy filmida Hamzaning tashqi qiyofasi, serg‘ayrat harakatlarini, toza qalbi va shoirona tabiatini tomoshabinga aniq yetkaza oldi.

Yangi-yangi aktyorlar Alisher Navoiy obrazini ijro etishdi. Ammo ular yaratgan Alisher Navoiy obrazini Olim Xo‘jayev Navoiysiga aslo tenglashtirib bo‘lmaydi.

1960 yilda Hamza teatrida sahnalashtirilgan dramaturg Izzat Sultonning «Imon» spektaklidagi professor Yo‘ldosh Komilov obrazi san’atkor ijrosida badiiy yetukligi bilan ajralib turdi.

O. Xo‘jayev yaratgan S. Azimovning «Yulduzlar jamoli»dagi Polvonov, Uyg‘unning «Qotil»idagi professor Sodiq Sobirovich obrazlarida ham ziyolilarimizdagi ezgu tuyg‘ular, eng yaxshi insoniy fazilatlar tantanasini tarannum etdi.

O. Xo‘jayev salbiy obrazlarni ham maromiga yetkazib o‘ynaydigan san’atkor edi. Aktyor yaratgan A. Ostrovskiyning «Sepsiz qiz»idagi Paratov, M. Gorkiyning «Meshchanlar»idagi Pyotr, Hamzaning «Boy ila xizmatchi»sidagi Solihboy, Shekspirning «Otello»sidagi Yago, «Yuliy Sezar»idagi Yuliy Sezar obrazlari shular sirasiga kiradi.

San’atkorga 60-yillarda yana bir shuhrat keltirgan obraz V. Shekspirning «Qirol Lir» fojiasidagi Qirol Lir obrazidir. Aktyor Qirol Lir obrazini yuksak mahorat bilan ijro etgani uchun 1967 yilda O‘zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

O. Xo‘jayev rejissyor sifatida ham samarali ijod qilib, B. Rahmonovning «Yurak sirlari», Hamzaning «Boy ila xizmatchi» va boshqa spektakllarni sahnalashtirdi.

O. Xo‘jayev 1977 yil Moskvada vafot etdi va Toshkentda dafn etildi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit