Xudoyberdieva Halima


1792

Tug‘ilgan sana: 1947 May 17
Tug‘ilgan joyi: Sirdaryo viloyati
Yo‘nalishlar: Shoirlar

Halima shoiragina emas, otashnafas publitsist hamdir. Ayniqsa, uning «Yuragimning og‘riq nuqtalari» to‘plamiga kirgan maqolalarida zamonamizning dolzarb muammolari haqida mushohada yuritiladi. Halima Xudoyberdiyeva o‘zining «Muqaddas ayol» (1990) nomli she’riy to‘plami uchun Hamza nomidagi Resggublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. 1992 yilda esa unga «O‘zbekiston xalq shoiri» degan yuksak unvon berilgan.

Biografiya

Halima Xudoyberdiyeva 1947 yil 17 mayda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida, dehqon oilasida tug‘ilgan.

«Otam, - deb eslaydi shoira, - adabiyotga ixlosmand odam bo‘lib, o‘rtoqlari bilan tez-tez yig‘ilishib turishardi. Ular chaqchaqlashib suhbat qurib, kitobxonlik qilganlarida uyimizda tongotar bazm bo‘lardi. Qiblagohim otam kitoblar qiroatini joyiga keltirib, g‘alati, yurakni larzaga keltiruvchi bir xonish bilan o‘qirdilar. Ijodkor bo‘lib, ozgina nimagadir erishgan bo‘lsam, buning uchun men avvalo o‘z onam Sharofat Xonnazar qizi, otam Ummatqulboy Xudoyberdi o‘g‘lining, keyin onaizorim Qarshigul Xonnazar qizining poyiga bosh qo‘yib, ko‘nglimni izhor qilmog‘im lozim». Halimaxon ikki yoshida onasi Sharofat opa hayotdan ko‘z yumib, bo‘lg‘usi shoiraga xolasi Qarshigul Xonnazar qizi onalik qiladi.

«Es-es bilaman, - deydi Xalimaxon, - Qarshigul aya kechalari chiroq yorug‘ida qarsillatib, qilich solib, pat to‘qir, men u kishining yonida o‘tirib, basma-bas patning turini chalishardim. Pat gilamning gulini biror joyi buzilmay chiqayotganini ko‘rgan onam «o‘zimni chevar qizim» deb peshonamdan o‘pib qo‘yar va ko‘ngillari iyib ketsa, o‘zining qattiq boshidan kechgan bir-yarim voqealarni hikoya qilib berardilar. Mening anchagina asarlarim, shulardan «Bir o‘rim soch tarixi», «Sayram baxshi aytimlari», «Hindikushdan nola keldi» she’rlarim, «Ilinj» dostonim aynan onaizorim ta’sirida bitilgandir».

Xalima Xudoyberdiyeva o‘rta maktabdan so‘ng 1968-1972 yillarda Toshkent Davlat universitetida ta’lim oldi. So‘ngra «Saodat» jurnalida avval bo‘lim boshlig‘i, muharrir o‘rinbosari va keyinchalik bosh muharrir sifatida samarali faoliyat ko‘rsatdi.

Buning orasida 1975-1977 yillarda Moskvada Oliy adabiyot kursida tahsil oldi.

1978-1982 yillarda «Yosh gvardiya» (hozirgi «Yangi asr avlodi») nashriyotida bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi kengashi raisi lavozimlarida xizmat qildi.

1995-1996 yillarda «Yozuvchi» nashriyotida yetakchi mutaxassis va «Guliston» jurnalida adabiyot bo‘limini boshqardi.

Faoliyati

Halima Xudoyberdiyevaning ijodi 60-yillardan boshlangan bo‘lib, shu kungacha u yigirmadan ortiq she’riy to‘plamlar, dostonlar va publitsistik maqolalar yaratdi. Xususan, uning «Ilk muhabbat» (1968), «Oq olmalar» (1973), «Chaman» (1974), «Suyanch tog‘larim» (1976), «Bobo quyosh» (1977), «Issiq qor» (1979), «Sadoqat» (1983), «Muqaddas ayol» (1987), «Yuragimning og‘riq nuqtalari» (1991), «Hurlik o‘ti» (1993), «Bu kunlarga yetganlar bor» (1994), «To‘marisning aytgani» (1996) kabi she’riy, nasriy majmualari keng kitobxon ommasining ma’naviy mulkiga aylangan.

Halima Xudoyberdiyeva she’riyatining mavzu va ma’no ko‘lami nihoyatda keng va chuqurdir. Uning she’rlarida go‘dak, ayol, ota-ona, vatan mavzulari ustuvorlik qiladi.

Shoira ijodida uning so‘nggi yillarda yaratgan ikki she’riy to‘plami - «Bu kunlarga yetganlar bor» va «To‘marisning aytgani» alohida qimmatga ega. Hayotdagi va odamlar ruhiyatidagi o‘zgarishlar shoira qalbida ham buyuk burilish yaratdi. Avvalgi shukrona she’rlar o‘rnini endi isyonkor, istiqlolga da’vat etuvchi she’rlar egallay boshladi. Xayot haqiqatini boricha bo‘yamay tasvirlash bosh tamoyilga aylandi.

Halima shoiragina emas, otashnafas publitsist hamdir. Ayniqsa, uning «Yuragimning og‘riq nuqtalari» to‘plamiga kirgan maqolalarida zamonamizning dolzarb muammolari haqida mushohada yuritiladi.

U tarjimon sifatida ham barakali ijod qilmoqda. Uning Fazu Aliyeva, Silva Kaputikyan, Ibrohim Yusupovdan qilgan tarjimalari e’tiborlidir. Halima Xudoyberdiyeva o‘zining «Muqaddas ayol» (1990) nomli she’riy to‘plami uchun Hamza nomidagi Resggublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. 1992 yilda esa unga «O‘zbekiston xalq shoiri» degan yuksak unvon berilgan.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit