Yusupov Ibragim Yusupovich


2519

Tug‘ilgan sana: 1935 Mart 5
Vafot etgan sana: 2014 Fevral 15
Tug‘ilgan joyi: Urganch
Yo‘nalishlar: Raqqoslar

Ibragim Yusupov Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek Davlat akademik Katta teatrining bosh baletmeysteri, O‘zbekiston xalq artistidir. U o‘n yil davomida o‘zbek xoreografiya bilim yurtida mumtoz balet fanidan dars berib, ko‘plab iste'dodli balet ustalarini tarbiyalab voyaga yetkazdi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek Davlat akademik Katta teatrining bosh baletmeysteri, O‘zbekiston xalq artisti Ibragim Yusupov 1935 yilda Xorazm viloyatining Urganch shahrida tug‘ilgan.

Mehnat faoliyatini 1955 yilda A. Navoiy nomidagi teatrda, balet solisti sifatida boshlagan. I.Yusupov O‘zbekiston Madaniyat ishlari vazirligining yo‘llanmasi bilan 1959-1964 yillarda Lunacharskiy nomidagi Moskva Davlat teatr institutining balet rejissurasi bo‘limini tugatgach, yana jonajon teatrida ishlashni davom ettirdi.

Teatrda sahnalashtirilgan B.Brovsinning «Semurg‘»ida Bunyod, A.Xachaturyanning «Spartak»ida Garmodi rolini, I.Akbarovning «Oynisa», G.Mushelning «Kashmir qo‘shig‘i» baletlarida bosh rollarni ijro etib, jamoatchilik nazariga tushdi va balet san'atida o‘z o‘rnini topdi.

Keyinchalik baletmeysterlik faoliyati bilan shug‘ullanib, B.Brovsinning «Semurg‘” A.Adanning «Korsar», «Jizel», P.Chaykovskiyning «Shelkunchik», «Uyqudagi go‘zal», S.Prokovyevning «Zolushka», A.Xachaturyanning «Spartak», «Chippolino», G.Xrennikovning Sevgidan sevgi», B.Asafyevning «Boxchasaroy favvorasi», Glazunovning «Raymonda», M.Ashrafiyning «Sevgi va qilich», U.Musayevning «To‘maris», F.Amirovning «Ming bir kecha», Morozovning «Doktor Aybolit», R.Vildanovning «Medeya» va boshqa balet asarlarini sahnalashtirdi.

Kinorejissyor Latif Fayziyev bilan ijodiy hamkorlikda birinchi o‘zbek film-baleti «Temur Malik», «Sharq afsonasi»ni suratga olishdi. I.Yusupov o‘n yil davomida o‘zbek xoreografiya bilim yurtida mumtoz balet fanidan dars berib, ko‘plab iste'dodli balet ustalarini tarbiyalab voyaga yetkazdi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Hasan Bozorov, Nazira Ahmedova, Mark Rajabov, Tamilla Muhamedova kabi balet solistlari uning munosib shogirdlaridir.

U Polshada, Vyetnamda pedagog sifatida ishlab, mumtoz baletdan saboq berdi va balet asarlarini sahnalashtirdi. Shuningdek, I.Yusupov har yili bo‘ladigan mustaqillikka bag‘ishlangan katta konsertlarda estrada qo‘shiqlariga atab balet o‘yinlarini sahnalashtirmoqda.

I.Yusupov o‘z ijodiy faoliyati davomida Olmoniya, Tailand, Seylon, Gonkong, Singapur, Misr, Suriya, Fransiya, Angliya, Vengriya za boshqa xorijiy mamlakatlarda ijodiy safarlarda bo‘lib, Ovro‘po mumtoz va o‘zbek baletlari asarlarida asosiy partiyalarni katta mahorat bilan ijro etib, hurmat va e'tiborga sazovor bo‘ldi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit