Yusupova Klara


2182

Tug‘ilgan sana: 1930 yil
Tug‘ilgan joyi: Farg‘ona
Yo‘nalishlar: Raqqoslar

Iste’dodli raqqosa va balet artistkasi Klara Yusupova «O’zbekiston xalq artisti» (1964) unvoni sohibi, Muxtor Ashrafiyning «Sevgi tumori» baletidagi Chundri partiyasi uchun Respublika Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

Tarjimai hol


Iste’dodli raqqosa va balet artistkasi Klara Yusupova 1930 yilda Farg’onada tug’ilgan. 1938 yilda oilasi Toshkentga ko’chib kelgach, 1944 yilda Alisher Navoiy nomidagi Opera va balet teatriga balet artistkasi sifatida ishga kirgan. Klara Yusupova Opera va balet teatri yo’llanmasi bilan 1948—1951 yillarda Moskva Katta teatri qoshidagi xoreografiya bilim yurtida o’qiydi va 1951 yilda o’qishni tugatgach, Toshkentda, yana opera teatrida faoliyatini davom ettirdi.
Bilim yurtida, Toshkent Opera teatrida Muxtor Ashrafiydek yetuk san’atkordan, baletmeyster P.K.Yorkin, rejissyor E.I.Yunval-Xilkeevichlardan balet san’ati sirlarini o’rganish uning balet aktrisasi va raqqosasi sifatida shakllanishida, mahorat cho’qqilarini egallashida va san’atda o’z o’rnini topishida muhim ahamiyatga ega bo’ldi.
Raqqosa A. Navoiy nomidagi opera va balet teatrida qo’yilgan rus, Ovro’po hamda o’zbek milliy baletlarida asosiy partiyalarni katta mehr va ixlos bilan mohirona ijro etdi. P. Chaykovskiyning «Oqqush ko’li» dagi Odiliya, «Uyqudagi go’zal»dagi Feya Sireni, R. Glierning «Qizil lola»sidagi Tay Xao, S. Punvning «Esmiralda» sidagi Esmiralda, L. Minkusning «Don Kixot»idagi Kitri, Mersedes, B. Astavevning «Boxchasaroy favvorasi»dagi Zarema, M. Ashrafiyning «Sevgi tumori» baletidagi Chundri kabi partiyalar raqqosa ijrosida tomoshabinlarga manzur bo’ldi.
K. Yusupova oilaviy sharoit taqazosi bilan 1954 —1957 yillarda Olma-ota shahridagi Abay nomidagi Opera va balet teatrida yetakchi solistka sifatida mehnat faoliyatini davom ettirib, teatr repertuaridagi asosiy balet asarlarida Esmiralda, Zarema, Kitri, Avrora, Qizjibek va boshqa bosh partiyalarni ijro etib, katta iste’dodli balet aktrisasi sifatida o’z talantining yangi qirralarini namoyon etib, qozog’istonlik tomoshabinlarning ham hurmat va e’tiboriga sazovor bo’ldi.
1957 yilda Toshkentga qaytib, yana Opera va balet teatrida faoliyatini davom ettirdi. U nafaqat balet asarlarida, balki operalarda ham yolg’iz raqslarni katta mahorat bilan ijro etdi. Bu jihatdan M.Ashrafiyning «Dilorom» operasidagi arab va Farg’ona go’zallari raqslari asar ruhiga juda mos bo’lib, unga o’zgacha ma’no va go’zallik baxsh etgan.
Uning raqslari jo’shqinligi, estetik jozibadorligi va o’ziga xos milliyligi bilan keskin ajralib turadi. «Rohat», «Pilla», «Zavqim kelur», «Munojot», «Tanovar», «Qatta Buxoro raqsi», «Larzon», «Xorazm lazgisi», «Qo’shqarsak», «Ufori chilliki», «Dashti navo» kabi o’zbek raqslari bunga misol bo’la oladi.
Sho’x, o’ynoqi va keskin harakatli raqslarga mehr qo’ygan raqqosa asosan M.Turg’unboeva va I.Oqilovlar sahnalashtirgan raqslarni o’ynashga moslashgan edi. Uning «Tojik go’zali», «Pomircha raqs» va hindcha, arabcha, ispancha va lo’lilar raqslarini joziba bilan ijro etishining boisi ham shunda.
Toza lutf, ko’zlari charos, xushbichim qaddi-qomat; go’zal chehra sohibasi bo’lgan K.Yusupovaning nozik va sho’x qo’l harakatlari hamda yoqimli tarzda ibo bilan o’ynagan raqslariga maftun bo’lmagan, ulardan zavq olmagan haqiqiy san’at muxlislari kamdan-kam topiladi.
U ham xuddi Tamaraxonim, Mukarrama Turg’unboeva, Galiya Izmaylova, Qunduz Mirkarimova kabi ustoz san’atkorlarga o’xshab Hindiston, Mongoliya; Xitoy, Janubiy Amerika, Braziliya, Venesuela, Chili, Kuba, Argentina, Meksika, Ruminiya, Frantsiya, Olmopiya, Kanada, Gretsiya va boshqa chet mamlakatlarda ijodiy safarlarda bo’lib, o’zbek milliy raqs san’atining nodir durdonalarini keng namoyish etib, xalqimiz madaniyatini chet ellarda targ’ib qildi.
50-yillarning oxiridan boshlab Moskvada bo’lgan o’zbek adabiyoti va san’ati Dekadalarida, qo’shni mamlakatlarda bo’lgan O’zbekiston adabiyot va san’at kunlarida qatnashgan. 1953 yilda Buxarest, 1959 yilda Vena shaharlarida bo’lgan Jahon yoshlari festivallarining laureati bo’ldi. O’zbek balet va raqs san’ati ravnaqidagi xizmatlari «O’zbekiston xalq artisti» (1964) unvoni bilan, 1971 yilda Muxtor Ashrafiyning «Sevgi tumori» baletidagi Chundri partiyasi uchun Respublika Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Ijro etgan raqslari
• P. Chaykovskiyning «Oqqush ko’li» dagi Odiliya,
• «Uyqudagi go’zal»dagi Feya Sireni,
• R.Glierning «Qizil lola»sidagi Tay Xao,
• Ts.Punvning «Esmiralda» sidagi Esmiralda,
• L.Minkusning «Don Kixot»idagi Kitri, Mersedes,
• B.Astavevning «Boxchasaroy favvorasi»dagi Zarema,
• M.Ashrafiyning «Sevgi tumori» baletidagi Chundri
• «Rohat»,
• «Pilla»,
• «Zavqim kelur»,
• «Munojot»,
• «Tanovar»,
• «Qatta Buxoro raqsi»,
• «Larzon»,
• «Xorazm lazgisi»,
• «Qo’shqarsak»,
• «Ufori chilliki»,
• «Dashti navo»
• «Tojik go’zali»,
• «Pomircha raqs»
• hindcha, arabcha, ispancha va lo’lilar raqslari

Unvonlari
«O’zbekiston xalq artisti»

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit