Zagurskaya Galina


1331

Tug‘ilgan sana: 1905 Aprel 27
Vafot etgan sana: 1978 Noyabr 16
Tug‘ilgan joyi: Rossiya
Yo‘nalishlar: Aktyorlar

Deyarli ijodiy faoliyatining yarmidan ko‘pini O‘zbekistonda o‘tkazgan taniqli rus aktrisasi Galina Zagurskaya 1905 yilda tug‘ilgan. Galina Zagurskaya M.Gorkiy nomidagi Toshkent Davlat rus akademik drama teatrida yetakchi aktrisa sifatida ishlab, sahnada 150 dan ortiq to‘laqonli obrazlar yaratib, Uzbekiston Respublikasi teatr san'ati rivojiga munosib hissa qo'shdi.

U 1921 yilda Irkutsk shahridagi balet bilim yurtini tugatgandan so‘ng, Irkutsk Opera va balet teatrida baletmeyster, 1932 yildan Yaroslav, Vladivostok, Irkutsk drama teatrlarida aktrisa bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 1937 yildan to umrining oxirigacha M.Gorkiy nomidagi Toshkent Davlat rus akademik drama teatrida yetakchi aktrisa sifatida ishlab, sahnada 150 dan ortiq to‘laqonli obrazlar yaratib, O'zbekiston Respublikasi teatr san'ati rivojiga munosib hissa qo'shdi. A.Chexovning «Uch opa-singillar»idagi Irina, A.Ostrovskiyning «Momaqaldiroq» asaridagi Varvara. «Aybsiz aybdorlar»idagi Kruchinina, M.Gorkiyning «Meshchanlari»dagi Yelena, Hamzaning «Boy ila xizmatchi»sidagi Jamila, «Maysaraning ishi»dagi Maysara, L.Tolstoyning «Anna Karenina»sidagi Anna Karenina, Ch.Aytmatovning «Momo yer»idagi To‘lg‘anoy obrazlari faqat aktrisa ijodidagina emas, balki Gorkiy nomidagi Toshkent Davlat rus akademik — drama teatri kamolotida ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

XX asrning 60-70-yillarida o‘zbek teatri san'ati ravnaqida Galina Zagurskayaning ijodi ham muhim o‘rin tutadiki, bu davrlarda u teatrda sahnalashtirilgan asarlarda bosh rollarni ijro etgan. Uzbekiston radiosida tayyorlangan birorta radiospektakl yo‘qki, unda G.Zagurskaya ishtirok etmagan bo‘lsin. U jamoat ishlarida ham faol edi.

Galina Zagurskaya o‘zi yaratgan ijobiy obrazlarda samimiy,kamtarin, olijanob inson sifatida gavdalansa, salbiy obrazlarda johil, xasis, baxil va xudbin shaxs sifatida ko‘rinadi. Bu esa aktrisaning o‘ziga topshirilgan har qanday rolni maromiga yetkazib o‘ynaganidan darak beradi.

Galina Zagurskayaning o‘zbek teatr san'ati ravnaqidagi xizmatlari «O‘zbekiston xalq artisti» va «Xalq artisti» (1969) faxriy unvonlari bilan munosib taqdirlangan. 1971 yilda O‘zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Galina Zagurskaya 1978 yilda Toshkent shahrida vafot etgan.

O‘zbekistondagi rus teatrining yetakchi aktrisasi Galina Zagurskaya rus va o‘zbek dramaturgiyasi asosida yaratilgan mashhur sahna asarlaridagi bosh rollarning mohir ijrochisi sifatida tarixda qoldi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit