Zokirov Botir


2846

Tug‘ilgan sana: 1936 Aprel 26
Vafot etgan sana: 1985 Yanvar 23
Tug‘ilgan joyi: Moskva
Yo‘nalishlar: Qo`shiqchilar

Iste'dodli xonanda, O‘zbekistonda o‘zbek estrada qo‘shig‘i san'atining shakllanishi va ommalashishiga katta hissa qo‘shgan, estrada solisti, bastakor va respublikamizda estrada qo‘shiq san'atining tashkilotchilaridan biri. Uning qo‘shiqlari zamonaviy estrada qo‘shiq san'atining asl namunasi sifatida O‘zbekiston radio va televideniyesining «oltin fondi»dan munosib o‘rin oldi. O‘zbekiston xalq artisti.

O‘zbek estradasi asoschilaridan biri, iste'dodli xonanda, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov.1936 yilda Moskvada tug‘ilgan. 1957 yilda Toshkent Davlat konservatoriyasining vokal fakultetini, 1962 yilda Toshkent teatr va rassomlik san'ati institutini (hozirgi Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent san'at institutini ) tugatib, 1961-1970 yillarda O‘zbek Davlat estrada orkestrining badiiy rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatdi.

O‘zbekistonda o‘zbek estrada qo‘shig‘i san'atining shakllanishi va ommalashishiga katta hissa qo‘shgan B.Zokirov lirik va lirik-dramatik qo‘shiqlarni katta mahorat bilan ijro etdi. U «Maftun bo‘ldim» (M.Burhonov musiqasi), «Ra'no» va «Gazli» (Ikrom Akbarov), «Majnun monologi» (S.Jalil), «Orzularim mash'ali» (Farid al-Atrash, Misr); «Go‘zal qiz» (Rahboniy, Livan), «Dil orzusi» (Choudhuri, Hindiston), «Maro bebus» (Eron xalq qo‘shig‘i), «O‘tmishimga yig‘layman» (Fatxulla Sulaymon, Suriya) kabi o‘zbek, arab, hind va eron qo‘shiqlarini maroq bilan kuylab, har bir xalqning milliy xususiyatlarini va ruhini ochishga harakat qildi.

O‘zi aytgan qo‘shiqlarining ko‘pchiligiga o‘zi musiqa bastaladi. Fransuz kompozitori E.Masias hamda sharq xalqlarining ba'zi bastakorlari ayrim asarlarini B.Zokirov bilan ijodiy hamkorlikda yaratganlar.

B.Zokirov oz bo‘lsa-da, nihoyatda mazmunli umr kechirdi. Butun ongli hayotini O‘zbekistonda estrada qo‘shiq san'atiniig shakllanishi va ravnaqiga bag‘ishladi. Estrada solisti, bastakor va respublikamizda estrada qo‘shiq san'atining tashkilotchilaridan biri sifatida samarali mehnat qildi.

Uning dilbar qo‘shiqlarini turli millat vakillari maroq bilan tinglab, tasannolar aytdilar. Uning qo‘shiqlari zamonaviy estrada qo‘shiq san'atining asl namunasi sifatida O‘zbekiston radio va televideniyesining «oltin fondi»dan munosib o‘rin oldi. Uning estrada qo‘shiqchilik san'atidagi an'analarini Farruh Zokirov va boshqa estrada qo‘shiqchilari davom ettirmoqdalar.

Zamonaviy estrada qo‘shik san'atining iste'dodli namoyondasi Botir Zokirov «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni sohibidir.

Botir Zokirov 1985 yilda Toshkent shahrida vafot etdi. O‘zbek milliy madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun 2000 yilda «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit