Zokirov Karim


3503

Tug‘ilgan sana: 1912 yil
Vafot etgan sana: 1977 yil
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Aktyorlar, Qo`shiqchilar

O‘zbekiston xalq artisti, o‘zbek xonandasi, opera solisti, aktyor Karim Zokirov O‘zbek Davlat drama teatrida, Ishchi-yoshlar teatrida ishlagan. Toshkentdagi O‘zbek Davlat musiqali teatri solisti, A.Navoiy nomidagi Opera va balet teatrining solisti bo‘lib, 40dan ortiq obrazlar yaratgan.

Zokirovlar sulolasining asoschisi, yetuk o‘zbek xonandasi va opera solisti Karim Zokirov 1912 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1934-1936 yillarda Moskva Davlat konservatoriyasi huzuridagi O‘zbek Opera studiyasida o‘qigan. Ijodiy faoliyatini 1928 yildan dramatik aktyor sifatida boshlagan.

K.Zokirov dastlabki rollarini 1929 yilda O‘zbek Davlat drama teatrida, 1930-1931 yillarda Ishchi-yoshlar teatrida o‘ynagan.
1936-1938 yillarda Toshkentdagi O‘zbek Davlat musiqali teatri, 1939 yildan Alisher Navoiy nomidagi Opera va balet teatrining solisti bo‘lib, 40 dan ortiq obrazlar yaratgan.Xurshidning «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun» musiqali dramalarida Farhod va Qays, S. Abdullaning «Po‘rtana»sida Botir kabi rollarni, operalarda esa S. Vasilenko, M.Ashrafiyning «Bo‘ron»ida Bo‘ron, S.Boboyevning «Hamza»sida Hamza, S.Yudakovning «Maysaraning ishi»da Mullado‘st va boshqa rollarni ijro etgan. Aktyor yaratgan Mullado‘st obrazi o‘zining hayotiyligi, tabiiyligi bilan alohida ajralib turadi.K. Zokirov el nazariga tushgan xushovoz xonanda ham edi. Uning kuylash san'ati o‘zbek xalq professional ijrochilik an'analari bilan uzviy bog‘liq. Xonanda aytgan - «Ishq boshqa, havas boshqa» va «Ko‘cha bog‘i-2», «Chorgoh-1-2-3», «Ul kun jonon», «Xush kelibsiz», «Navbahor», «Diloromimga ayt», «Dilbar», «Girya», «Mustahzod», «Ilg‘or», «Istarman», «Suvora», «Safti chorgoh» kabi nodir mumtoz ashulalar san'at muxlis-larivi o‘ziga maftun etib, ularga estetik, zavq bag‘ishlagan.

K. Zokirov o‘ziga xos maktab yaratgan va bu maktabni davom ettirgan Botir, Luiza, Farruh, Navfal, Jamshid va Ravshan kabi hayotini san'atga bag‘ishlagan farzandlarning mehribon otasi hamda aziz ustozidir. O‘zbek estrada qo‘shiqchilik san'atini yuqori cho‘qqiga ko‘tarishda Botir va Farruh Zokirovlarning xizmatlari benihoya katta bo‘ldi.

K. Zokirovning samarali va serqirra ijodi munosib taqdirlandi. Unga 1939 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni berildi.
Karim Zokirov 1977 yilda Toshkent shahrida vafot etdi.

Karim Zokirov musiqali drama va opera asarlarida Farhod, Qays, Mullado‘st kabi rollarning va qator mumtoz va lirik qo‘shiqlarning mohir ijrochisi sifatida o‘zbek teatr va opera san'ati tarixida o‘z o‘rniga ega.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit