Zulfiya


6457

Tug‘ilgan sana: 1915 Mart 1
Vafot etgan sana: 1996 yil
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Shoirlar

O’zbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi, xalqaro tinchlik uchun kurash jarchisi Zulfiya Isroilova 1915 yili Toshkentda hunarmand oilasida tug‘ilgan. Shoira xotin-qizlar bilim yurtida o‘qigan vaqtlarida (1931-1934) adabiy to‘garaklarda she’r mashq qila boshladi. 1935-1938 yillarda O’zbekiston Fanlar akademiyasining A.S. Pushkin nomidagi Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi.

So‘ngra 1938-1948 yillarda Bolalar nashriyotida muharrir, O’zbekiston Davlat nashriyotida bo‘lim boshlig’i, 1950-1953 yillarda esa «O’zbekiston xotin-qizlari” oynomasida bo‘lim boshlig‘i va nihoyat, 1953-1980 yillarda «Saodat» oynomasining bosh muharriri bo‘lib ishladi. 

Zulfiya 17 yoshida yozgan «Hayot varaqlari» (1932) nomli birinchi she’rlar to‘plami bilan Oydin, Myuzayyana Alaviya, Xosiyatxon Tillaxonovalar safiga kirib keldi. Yosh shoira poeziyasi zamonaviy, aktual mavzularga bag’ishlanadi. Zulfiyaning ijodiy kamolotida o‘zbek va rus klassiklari, xalq og’zaki ijodiyoti va jahon adabiyoti an’analarining roli benihoya bo‘ldi.

Shoira «She’rlar» va «Qizlar qo‘shig’i» (1938) kabi poetik asarlarini ona-Vatan va uning dala, cho‘llarida mehnat qilayotgan paxtakorlar, mexanik, traktorchi qizlarning qaynoq hayotlariga bag‘ishlaydi. Ayni choqda mazkur to‘plamlardagi she’rlar yosh shoiraning she’riy mahorat sirlarini egallayotgan davrini xarakterlovchi asarlar sifatida ham muhim edi.

Ulug` Vatan urushi davrida shoiraning «Uni Farhod der edilar» (1943), «Hijron onlarida» (1944) kabi to‘plamlarining nashr etilishi Zulfiyaning peshqadam shoirlar atoriga dadil kirib kelayotganligidan nishona edi. To‘plamdagi she’rlar Vatanga muhabbat, dushmanga nafrat va g’alabaga ishonch ruhida yaratilganligi bilan harakterlidir.

Zulfiyaning «Mening Vatanim», «Qo‘limda qurolu ustimda shinel», «Bizni kut» kabi umidbaxsh she’rlari urush davri o‘zbek she’riyatining jangovar ruhini anglatuvchi asarlari qatoridan mustahkam o‘rin olgan.

Hozirjavob shoiraning urushdan so‘nggi yillarida yozilgan «Chorjo‘y—Qo‘ngirot» (1947), «Dalada bir kun» (1948), «Zootexnik qiz» (1952), «Tong qo‘shig’i» (1953) kabi bir qator she’rlar turkumi, «Men tongni kuylayman», «Yuragimga yaqin kishilar» (1958), «Kuylarim sizga» (1965), «Salom, sizga erkparvar ellar», «O’g‘lim, sira bo‘lmaydi urush» kabi she’r va to‘plamlarida Vatan madhi, mehnat jarayonida fidokorlik ko‘rsatayotgan kishilar hayoti jo‘shib kuylanadi, xunrez urushlarga la’natlar o‘qiladi.

Uning «So‘roqlaydi shoirni she’rim» (1960), «Oydin» (1953), «Quyoshli qal’am» (1967) kabi' ocherk, poema va dostonlari H. Hakimzoda, Oybek, Oydin, Hamid Olimjon kabi ustodlarning yorqin xotiralariga bag’ishlangan. Serqirra ijod egasi Zulfiya H. Olimjouning «Semurg‘», «Zaynab va Omon» dostonlari asosida p’esa va opera librettolar ham yaratdi.

Zulfiya «O’ylar», «Shalola» kabi she’riy majmualari uchun Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan. «Saylanma»lari uchun Ittifoq Davlat mukofoti, hind mavzusidagi she’rlari uchun Javoharlal Neru nomidagi umumhindiston sovrini, Tinchlik va do‘stlikni tarannum etuvchi asarlari hamda taraqqiyparvar Osiyo va Afrika yozuvchilari harakatidagi faol ishtiroki uchun xalqaro «Nilufar» mukofotlariga sazovor bo‘lgan.

Ayni chog’da Zulfiyaning xaldaro do‘stlik, tinchlik va baynalmilal ruhida yozilgan badiiy va publitsistik asarlari uning katta jamoatchilik faoliyati bilan qo‘shilib ketadi. Shoira Hindiston, Yugoslaviya, Shri Lanka, Misr, Birma, Avstriya kabi mamlakatlarda bo‘ldi. Sovet xotin-qizlar komitetining a’zosi Zulfiya 1956 yilda Osiyo va Afrika yozuvchilarining Dehlida o‘tkazilgan birinchi Konferensiyasida qatnashib, katta anjuman xotirasiga bag’ishlangan mashhur «Mushoira» (1958) asarini yaratdi.

Uning she’rlari rus, ingliz, nemis, hind, bolgar, xitoy, arab, fors va boshqa tillarga tarjima qilingan. Shoira Nekrasov, Lermontov, S. Shchepachev, V. Inber, Lesya Ukrainka, Edi Ognesvet, M. Dilboziy, Amrita Pritham asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qildi. Yirik jamoat arbobi, shoira Zulfiya — O’zbekiston Oliy Sovetining deputati, Osiyo va Afrika mamlakatlari bilan aloqa qiluvchi sovet komitetining raisi (1962) bo‘lgan.

Hukumat Zulfiyaning shamarali ijodi va aktiv jamoatchilik faoliyatini Mehnat Qahramoni unvoni, Lenin ordeni va uch marta Mehnat Qizil Bayroq ordeni va medallar bilan taqdirladi. U Bolgariya Xalq Respublikasining birinchi darajali «Kirill va Mefodiy» ordeni bilan mukofotlangan. Shoira 1975 yilda 60 yoshga to‘lishi munosabati bilan Xalqlar do‘stligi ordenini olishga sazovor bo‘ldi.

Ayni chog‘da u sobiq Ittifoq Davlat mukofoti laureati va Mehnat Qahramoni hamdir. Hozirgi kunga kelib Zulfiyaning vatan tinchligi va zamoatchilik oldidagi xizmatlarini inobatga olib “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti tashkil qilindi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit