Zunnunova Saida


2489

Tug‘ilgan sana: 1926 yil
Vafot etgan sana: 1977 yil
Tug‘ilgan joyi: Andijon
Yo‘nalishlar: Yozuvchilar, Shoirlar

Iste’dodli shoira, jozibali nasriy asarlar muallifi Saida Zunnunova yozuvchi Said Ahmadning sevimli rafiqasi edi. So‘zga xasislik, badiiy siqiqlik, tabiiylik, sun’iy obrazlardan qochish Saida Zunnunova hikoyalariga xos xususiyatlardir. Ona Vatanga sadoqat, mehnatga muhabbat, baxt va muhabbat tuyg‘ularini kuylagan shoiraning lirik she’rlari, jozibador qo‘shiqlari, nasriy asarlari adabiyotimiz xazinasidan joy olgan.

Biografiya

Iste’dodli shoira, jozibali nasriy asarlar muallifi Saida Zunnunova 1926 yili Andijon shahrida xizmatchi oilasida dunyoga keldi. Otadan erta yetim qolgan Saida 1941-1943 yillarda Andijon pedagogika institutida tahsil oldi. Andijon maktablarida muallima, gazeta tahririyatlarida adabiy xodim bo‘lib ishladi. Saida Zunnunovaning birinchi she’ri 1945 yili «Paxta fronti» gazetasida bosilgan.

Adabiyotta muhabbat yosh shoirani O‘rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universitet)ning filologiya fakultetiga yetakladi. U o‘qishni tamomlab, «Gulxan» jurnali, «O‘zbekiston madaniyati» gazetasi va Badiiy adabiyot nashriyotida, shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida maslahatchi bo‘lib xizmat qildi.

Saida Zunnunova ayni kamolot yoshida 1977 yili og‘ir xastalikdan keyin vafot etgan.

U yozuvchi Said Ahmadning sevimli rafiqasi edi. Ularning yolg‘iz qizlari va nabiralari bor.

So‘zga xasislik, badiiy siqiqlik, tabiiylik, sun’iy obrazlardan qochish Saida Zunnunova hikoyalariga xos xususiyatlardir. Ona Vatanga sadoqat, mehnatga muhabbat, baxt va muhabbat tuyg‘ularini kuylagan shoiraning lirik she’rlari, jozibador qo‘shiqlari, nasriy asarlari adabiyotimiz xazinasidan joy olgan.

Faoliyati

Shoiraning yoshlik sururi, Vatan shukuhi va mehnat nashidasini tarannum etuvchi «Qizingiz yozdi» (1948), «Yangi she’rlar» (1950), «Gullar vodiysi» (1954), «Qizlarjon», «Bir yil o‘ylari» (1967) she’riy to‘plamlari kitobxonlar tomonidan katta quvonch bilan qabul qilindi.

Saida Zunnunova nasrda ham sermahsul ijod etgan adibadir. Uning «Gulbahor» hikoyalar to‘plamida (1956) ishchilar hayoti, oila va muhabbat mavzulari aks etgan bo‘lsa, «Gulxan» (1958) qissasining asosiy qahramoni ayollar bo‘lib, ularning yigirmanchi yillardagi kurashi o‘ziga xos badiiy bo‘yoqlarda ifodalangan. Adiba yozgan «Olov» (1962), «Bo‘ylaringdan o‘rgilay» (1972), «Direktor» kabi asarlarining qahramonlari ham ayollardir.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit